O‘zbekiston | 18:44 / 30.12.2015
3658
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisi Pamela Spratlen O‘zbekiston xalqini yangi yil bilan tabrikladi

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen o‘zbekistonliklarni Yangi yil bayrami arafasida tabrikladi. Tabrik matni elchixonaning feysbukdagi rasmiy sahifasida e'lon qilindi.

"Aziz do‘stlar, 2015 yil poyoniga yetar ekan, barchangizga minnatdorlik izhor etaman va eng yaxshi tilaklarimni yo‘llayman. Ishonish qiyin, 19 yanvarda kelgan bo‘lsam, mana qariyb bir yil vaqt o‘tibdi. AQSh elchixonasi jamoasi va kamina mamlakat bo‘ylab safarlarda iliq kutib olishganiga guvoh bo‘ldik. Bu yil Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yanada mustahkamlangan ajoyib yil bo‘ldi.

Joriy yilda, Hukumat va O‘zbekiston xalqi bilan hamkorlikda ishlar ekanmiz, biz ko‘p qirrali munosabatlarimizga aloqador barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishdik. Davlat kotibi Jon Kerrining Samarqandga tashrifi 2015 yildagi eng muhim voqea bo‘ldi. U yerda davlat kotibi Prezident Karimov bilan uchrashdi hamda Markaziy Osiyodagi barcha besh mamlakat tashqi ishlar vazirlarining birinchi S5+1 uchrashuvini boshqardi. Yangi yilda biz ana shunday mustahkam munosabatlarimizni yanada kengaytirishni maqsad qilamiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi hamda Toshkentda joylashgan AQSh elchixonasidagi hamkasblarim va ularning oilalari nomidan O‘zbekiston xalqiga yangi yil munosabati bilan eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Siz va oilangizga sog‘lik, tinchlik, farovonlik va baxt-saodat tilayman. Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!", deyiladi tabrikda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish