Britaniyalik fotojurnalist Tesla’ning ulkan fabrikasi qurilayotgan joydan ilk suratlarni chop etdi
AQShning Tesla kompaniyasi Nevada shtatida qattiq sir saqlagan holda yangi fabrika qurmoqda, biroq kompaniya britaniyalik fotojurnalist Jyeyms Lipmenga fabrikaning bir nechta suratlarini chop etishga ruxsat berdi. Bu haqda Business Insider nashrima'lum qildi.
Kompaniya tomonidan “Gigafabrika 1” (Gigafactory 1) deb nomlangan bu fabrika qurilishi 2020 yilga yakunlanadi. Qurilish yakunlangandan keyin u dunyoda hajmi bo‘yicha 2-raqamli bino bo‘ladi – uning maydoni Nyu-Yorkdagi Markaziy bog‘dan 3 barobar kattaroq bo‘ladi. Dunyodagi eng yirik bino nomini hanuzgacha Boeing kompaniyasi fabrikasi ushlab turibdi.
Kompaniya shu tobgacha yangi fabrikasini suratga olishni taqiqlab kelayotgandi. Oktyabrda Reno Gazette-Journal gazetasining ikki nafar muxbiri fabrika hududiga kirib, u yerda suratga olish paytida qo‘lga olingani ovoza bo‘lib ketgandi. O‘shanda muxbirlar qo‘lga olinishi paytida kompaniya xodimlaridan birini yaralagan, so‘ngra o‘z mashinasida kompaniyaning yana ikki nafar xodimi o‘tirgan kvadrosiklga borib urilgan.
Biroq, ko‘rinishicha, reklama bilan shug‘ullanuvchi fotosuratchi Jyeyms Lipmen kompaniyadan suratga olish uchun ruxsat olgan birinchi odam bo‘lganga o‘xshaydi. U o‘zining instagramida fabrika mehmonlari uchun xoll qanday ko‘rinishini namoyish qildi: bu xoll oppoq rangda bo‘lib, unda oq va qora divanlar joylashtirilgan.
Kompaniya bino tashqarisidan yoqilg‘i quyish stansiyasini o‘rnatgan. U fabrikaning o‘zi kabi atrofdagi cho‘ldan ajrab turishi uchun qizil va oq ranglarda bezalgan. Fabrika hududidagi ko‘cha “Elektr avenyu” nomini olgan.
Lipmenning aytishicha, fabrikada to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalaniladi.
Business Insider’ning ta'kidlashicha, Lipmen kompaniya uchun fotosessiya o‘tkazayotganini taxmin qilish mumkin va shuning uchun yaqin orada fabrikadan olingan ko‘proq fotosuratlar paydo bo‘lishi mumkin.
Fabrikani avval faqatgina dronlar yordamida havodan olishning iloji bo‘lgan. Xususan, iyunda olingan videoda kompaniya bino ustiga ulkan quyosh batareyalarini o‘rnatayotgani tasvirlangan. Bu quyosh batareyalari qurg‘oqchil Nevadada energiya olishning juda samarali vositasi bo‘ladi. Xususan, suratlardan birida binodan uncha uzoq bo‘lmagan joyda ko‘plab shamol parraklari o‘rnatilganini ham ko‘rish mumkin.