17:09 / 30.12.2015
2218

Facebook sinov tartibida yangiliklar tasmasini mavzular bo‘yicha taqsimlanishini joriy qildi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari mobil ilovadagi bir o‘zgarishni qayd qilishdi: yangiliklar tasmasi mavzular bo‘yicha taqsimlana boshladi. The Verge nashrining e'tirof etishicha, endilikda, aytaylik, sport yangiliklarini moda yoki kino yangiliklaridan alohida ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Ilova dizaynidagi o‘zgarishlar haqida tadbirkor Jyeyson Shtayn o‘z mikroblogi orqali xabar qildi. Uning yangiliklar tasmasi umumiy bo‘linmadan tashqari uslub, sayohat singari yo‘nalishlardagi ruknlarga ham ega edi.

Bu xususiyat ijtimoiy tarmoq tomonidan 2014 yilda chiqarilgan Paper ilovasini eslatib yuboradi. Paper yangiliklarni o‘qishga mo‘ljallangan, ularni mavzusiga ko‘ra taqsimlaydigan ilova sifatida taqdim etilgan edi.Paper orqali faqat nashrlarning maqolalarini emas, balki do‘stlarning yozuvlarini ham o‘qish mumkin bo‘ladi.

Ushbu yangilikdan tashqari, Facebook Marketplace’ni ham testdan o‘tkazayotgani ma'lum bo‘ldi: u yerda turli do‘konlar va foydalanuvchilardan tovarlar sotib olish mumkin bo‘ladi.

The Verge’ning so‘roviga javoban ijtimoiy tarmoq mutasaddilari ushbu yangi servislarning barchasi sinov tartibida qo‘llanilayotganini ma'lum qilishgan. Jyeyson Shtaynning ta'kidlashicha, aynan mana shu xususiyat – yangiliklarni mavzuviy bloklarga bo‘lish – ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarga, jumladan, Twitter’ga yetishmaydi.

Top