Texnologiya | 09:44 / 30.12.2015
2413
2 daqiqa o‘qiladi

Panasonic Xitoyda elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi zavod quradi

Yaponiya OAVlarining ma'lum qilishicha, Panasonic kompaniyasi Xitoyda elektromobil va gibrid avtomobillar uchun litiy-ionli akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi birinchi zavod qurishni rejalashtirmoqda.

Zavodni qurish bilan Panasonic Xitoydagi hamkori bilan tashkil etgan qo‘shma korxona shug‘ullanadi va uning narxi 412 mln dollarni tashkil qiladi. Zavod Xitoyning shimoli-sharqidagi Dalyan shahrida quriladi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati yiliga 200 ming dona akkumulyatorni tashkil qiladi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, zavod 2017 yilda ishga tushiriladi. Panasonic, shuningdek, Xitoyda noutbuklar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi korxonaga ega.

Xitoy hukumati ekologik toza transport vositalarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda, chunki mamlakat avtomobil va korxonalar tomonidan havoning ifloslanishidagi katta muammolarga duch kelgan. “Sinxua” agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda 2015 yilning 9 oyida atrof-muhitni muntazam ravishda ifloslantirib kelgan 17 mingta korxona yopilgan.

Panasonic avtomobillar uchun litiy-ionli batareyalar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik korxona hisoblanadi, uning bu tarmoqdagi ulushi jahon bo‘yicha 45,7 foizni tashkil qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish