Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WSJ: AQSh Obama va'dasiga xilof tarzda Netanyaxu va Erdo‘g‘on ortidan josuslik qilishda davom etdi
AQSh maxsus xizmatlari ikki yil muqaddam prezident Barak Obama bu kabi amaliyotlarni to‘xtatishga va'da berganiga qaramasdan, do‘stona davlatlar yetakchilarining maxfiy suhbatlarini tutishga harakat qildi, deb yozmoqda Wall Street Journal nashri.
Gazetaning elektron nusxasida e'lon qilingan maqolada keltirilishicha, bu kabi yetakchilar ro‘yxatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on nomi ham bor.
Gazeta o‘z ismini oshkor qilmagan Qo‘shma Shtatlardagi sobiq va amaldagi lavozim egalarining ma'lumotlariga asoslanib xabar qilishiga ko‘ra, Vashington bu ishlarni Eronning yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida olib borgan.
Jumladan, maxsus xizmatlar Netanyaxu va uning yordamchilari o‘rtasidagi suhbatlarini tinglagan. Bu esa keyinroq ikki AQSh va Isroil o‘rtasida ishonchsizlikni keltirib chiqarib, siyosiy “mina maydoni”ni yuzaga keltirgan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bu jarayon Isroil rasmiy shaxslarining Amerika qonunshunoslari va AQShdagi yahudiy tashkilotlari yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarga ham taalluqli.
Obama ma'muriyatida yopiq eshiklar ortida Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) “kuzatuvi”ga aloqador bo‘lmagan yetakchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga Fransiya prezidenti Fransua Olland, Germaniya kansleri Angela Merkel va bir qator NATOga a'zo davlatlar rahbarlari o‘rin egallagan. Biroq har ehtimolga qarshi, ro‘yxatga ularning bosh maslahatchilari nomi kiritilmagan.
Nashrning qayd etishicha, Oq uy MXAga boshqa mahkamalar bilan qaysi razvedka ma'lumotlarni bo‘lishishni o‘z ixtiyoriga topshirgan. Bu esa eng keraksiz vaqtda oshkor bo‘lib, Vashingtonni noqulay holga solib qo‘yadigan hujjatlarni bosdi-bosdi qilishga imkon tug‘diradi.