Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT: Bosh kotiblik uchun navbatdagi saylovlar nisbatan ochiq ruhda o‘tadi
BMTning amaldagi bosh kotibi Pan Gi Mun 2016 yilning 31 dekabr kuni o‘z vakolatlarini yangi bosh kotibga topshiradi. Yangi bosh kotib esa 2017 yilning 1 yanvaridan o‘z faoliyatini bajarishga kirishadi.
BMT bosh assambleyasi raisi Mogens Lyukketoft keyingi yilda bo‘lib o‘tadigan saylov nisbatan ochiq ruhda o‘tkazilishi haqida ma'lum qilgan.
U 15 dekabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi raisi Samanta Pauer bilan birgalikda xalqaro tashkilotga a'zo 193 mamlakatga BMT bosh kotibligiga nomzodlarni ilgari surish taklifi bildirilgan maktublarni yo‘llagandi. Bunday maktub birinchi bor jo‘natilishi, uning matni yuzasidan muzokaralar bir necha hafta davom etgan. Maktubda nomzodlar yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyati, xalqaro munosabatlar sohadagi ulkan tajriba hamda odamlar bilan munosabatlardagi ustomonlik xislatlariga ega bo‘lishlari kerakligi qayd etilgan.
"Biz o‘tkazilajak barcha jarayonlarning shaffoflikda kechishini va saylov avvalgilariga nisbatan ochiqroq o‘tishini ta'minlamoqchimiz. Birinchi bosqichda davlatlar o‘z nomzodlarini tavsiya qilishadi, keyin ular bilan Bosh Assambleyada muloqot qilinadi. Xavfsizlik kengashi a'zolari ham istashsa bunday uchrashuvlarda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi", deydi Lyukkertoft.
Uning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi saylovda barcha davlatlar faol ishtirok etishlari mumkin.
Qoidaga ko‘ra, Bosh kotib nomzodi Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Shundan so‘ng Bosh Assambleyaga yuboriladi. Bosh Assambleyada 193ta mamlakatning uchdan bir qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Saylovlar arafasida bir qator mamlakatlarning vakillari bu jarayon shaffof o‘tishi lozimligi bilan bog‘liq masalani ko‘tarib chiqishdi. Xavfsizlik kengashi nomzodlarni tanlab olish jarayonini kelasi yilning iyul oyida boshlaydi. Ungacha nomzodlarga BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi vakillari bilan norasmiy muloqotlar o‘tkazish imkoniyati yaratib beriladi. Aslida Xavfsizlik Kengashi faqat bir nomzodni ko‘rsatadi, ammo bu gal istisno tariqasida nomzodlar bir necha kishidan iborat bo‘lishi mumkin. Qoidaga binoan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolarining vakili Bosh kotib bo‘lishi mumkin emas.
"Bu vaqtgacha BMT Bosh kotibi Xavfsizlik kengashi vakillari (AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Rossiya va Fransiya) o‘rtasidagi maxfiy maslahatlashuvga ko‘ra aniqlanardi. Albatta, yangi saylovda ham ularning ta'sir kuchi o‘z kuchida qoladi, lekin men o‘ylaymanki, bu safar boshqa davlatlar ham qaror chiqarilishida jiddiy ta'sir ko‘rsata olishadi", degan u.
Lyukketoft BMT bosh kotibi lavozimiga ikki nomzod nomi ma'lum bo‘lganini ham aytib o‘tdi.
Mintaqalar bo‘yicha rotatsiya qoidalariga ko‘ra, bu lavozimga Sharqiy Yevropa vakili saylanishi kerak. Yangi bosh kotib, Sharqiy Yevropa mamlakatlarining vakili bo‘lishidan tashqari, ayol kishi bo‘lsa nur ustiga a'lo nur bo‘lishi ta'kidlangan.
Hozircha ma'lum qilingan ikki nomzod Bosh assambleyaning sobiq raisi makedoniyalik Srdjan Kerim hamda Xorvatiya Tashqi ishlar vaziri Vesna Pusichdir.
Boshqa mamlakatlar ham kelasi yilning iyun oyi so‘nggiga qadar nomzodlarni ko‘rsatishlari mumkin.
Bolgariya vakili bo‘lmish YuNeSKO ijrochi direktori Irina Bokova asosiy nomzodlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
2007 yil 1 yanvardan beri BMT bosh kotibi lavozimini egallab kelayotgan Pan Gi Munning vakolati 2016 yil 31 dekabrda yakuniga yetadi. O‘rnatilgan qoidaga muvofiq, u uchinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.
Ma'lumki, BMTga asos solingan 1945 yildan beri o‘tgan 70 yil davomida bosh kotib lavozimini faqat erkaklar egallab keldi. An'anaga ko‘ra, BMT bosh kotiblari navbatma-navbat dunyoning turli mintaqalari vakillari orasidan tanlab olinadi. Shu kungacha bo‘lgan muddatda bosh kotiblar faoliyati tahlil qilinadigan bo‘lsa, u holda G‘arbiy Yevropa vakili olti muddat, Afrika vakili uchta muddat, Osiyo vakili to‘rt muddat va Lotin Amerikasi vakili ikki muddatdan BMT Bosh kotibligiga saylangan. BMTdagi Mintaqaviy guruhlar quyidagilardan iborat: G‘arbiy Yevropa va boshqa mamlakatlar guruhi, Sharqiy Yevropa guruhi, Lotin Amerikasi va Karib havzasi guruhi, Osiyo guruhi va Afrika guruhi.
Qoidaga ko‘ra, da'vogarlar ro‘yxati oshkor qilinmaydi. Bu ro‘yxat Xavfsizlik Kengashi tomonidan yopiq eshiklar ortida ishlab chiqiladi. Nomzodlar xalqaro munosabatlarda tajribasi boy, tashkilotchilik qobiliyatlariga ega bo‘lishi, odamlar bilan tezda til topib ketishlari kerak. Tahlilchilarning fikricha, BMT tashkil etilgandan beri o‘tgan davr maboynida Bosh kotiblarning vazifalarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Ilk yillarda Bosh kotib ma'muriyat rahbari sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, keyinchalik ular xalqaro masalalarni muhokama qilishda vositachi vazifasini bajarishga kirisha boshlashdi. So‘ng esa mustaqil siyosiy arbob darajasiga ko‘tarilishdi. Haqiqatan ham BMT Nizomida Bosh kotib “Ma'muriyat rahbari” sifatida talqin qilinadi. Bosh kotib xalqaro tinchlik va xavfsizlika tahdid soluvchi barcha masalalar bo‘yicha Xavfsizlik Kengashiga ma'lumot berib turishi kerak hisoblanadi.
BMTning yangi bosh kotibi ayol kishi bo‘lishi mumkin
BMT bosh kotibligi uchun ikki nomzod nomi ma'lum qilindi