Jamiyat | 19:57 / 31.12.2015
4119
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan haftada O‘zbekiston hududida ro‘y bergan yong‘inlar tufayli 6 kishi vafot etdi

O‘tgan hafta mobaynida O‘zbekiston hududida 301ta yong‘in qayd etilgan. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar bergan.

Turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan yong‘inlarda 4 nafar fuqaro tan jarohatlari olishgan va 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Ushbu yong‘inlarda 804 mln so‘mdan ortiq qurilish konstruksiyalari va 989 mln so‘mga yaqin moddiy boyliklar yong‘indan saqlab qolingan.

Andijon viloyati Andijon shahrida yashovchi fuqaro A.Azimovning uyida isitish pechi yoqilib, nazoratsiz qoldirilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 15 kv.m. maydonda uy jihozlari yonib zararlangan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasining 2 nafar farzandining kuygan holdagi jasadlari topilgan hamda uy egasi A.Azimov kuyish tan jarohati olgani aniqlangan.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi fuqaro G‘.Raimovaning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 100 kv.m. maydonda tom va shift qismi yonib zararlangan.

Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi fuqaro J.Raximovning uyida isitish pechining dudburoni qizib ketishi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 100 kv.m. maydonda tom qismi va g‘amlab qo‘yilgan xashagi yonib zararlangan.

Ushbu holatlar beparvolik va e'tiborsizlik tufayli sodir bo‘lmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yong‘in xavfsizligi talablarini yoddan chiqarmaslik tavsiya etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish