Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada Turkiya bilan ishlayotgan 19 ta sayyohlik kompaniyasiga ishlash taqiqlandi
Rosturizm turkiyalik hamkorlar bilan ishlayotgan bir qator turoperator kompaniyalarni ro‘yxatdan chiqarib tashladi. Gap 19 ta sayyohlik kompaniyasi, jumladan “Pegas Turistik”, “Aneks” va “Koral Trevel” guruhlari kompaniyalari haqida ketmoqda. Bu haqda 30 dekabrda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.
Ushbu qaror 2016 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. U Rossiya prezidentining Turkiyaga qarshi maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash va Vazirlar mahkamasining Turkiya fuqarolari tomonidan nazorat qilinuvchi tashkilotlarga alohida ishlar turlarini taqiqlovchi qaroriga ko‘ra qabul qilingan.
Ro‘yxatdan chiqarib yuborilganlar orasida “Pegas” guruhining 10 dan ko‘proq kompaniyasi, jumladan Qozon, Ufa, Samara, Yekaterinburg, Perm va Xabarovskdagi filiallari bor. Bundan tashqari, “Aneks Regiony”, “Aneks Tur Moskva”, “Koral Trevel”, “Bentur Moskva” va “Sanmar Tur” kompaniyalari ham ro‘yxatdan istisno qilindi.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ro‘yxatdan chiqarib yuborilgan kompaniyalar Rossiya hududida sayyohlik faoliyatini olib borolmaydi.
Bu orada “Pegas Turistik” bosh direktori Anna Podgornayaning aytishicha, “bu qaror sayyohlarga ta'sir qilmaydi”. Podgornayaning ta'kidlashicha, kompaniya ro‘yxatdan chiqarib yuborilishi sabablarini o‘rganib chiqib, shundan keyin zaruriy choralar ko‘radi. “Ehtimol, Rosturizmga qandaydir hujjatlar yetib bormagandir, agar shunday bo‘lsa, biz ularni qaytadan yuboramiz”, deb aytdi Podgornaya.
28 noyabrda Vladimir Putin Turkiyaga nisbatan cheklovchi iqtisodiy choralar qo‘llash haqidagi farmonni imzolagan. Unga ko‘ra, turoperatorlar fuqarolarga Turkiyaga borishni ko‘zda tutuvchi turlarni sotishdan o‘zlarini tiyishlari kerakligi ko‘rsatilgan.