Jamiyat | 17:07 / 31.12.2015
36896
18 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'da intervyu - Yulduz Usmonova: «Inson umri so‘ngiga qadar dars olishi lozim»

Kun.uz sayti yangi yil bayrami arafasida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning xonadonida mehmonda bo‘ldi. Bayram kunlaridagi vaqt tig‘izligiga qaramay, Yulduz opa o‘zining bayramona bezatilgan, fayzli xonadonida mehmonlarni iliq kutib oldi. Suhbatimiz avvalida ular xalqimizni, muxlislarini bayram bilan qutlab, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdilar:

Intervyuning matnli ko‘rinishi

 Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlarimiz, muxlislarimiz. Hammangizga Yangi yil muborak bo‘lsin. Eski dardlar, eski muammolarning hammasi o‘tayotgan yilda qolib ketsin. Yangi yilga yangi baxt, omad, g‘ayrat va sog‘lik-salomatlik bilan kirib kelaylik. Yurtimiz tinch bo‘lsin. Bu hozirda judayam dolzarb bo‘lib qoldi. Vatanimizda xech qachon urush bo‘lmasin. Doimo tinchlik bo‘lsin. To‘ylar bo‘lsin. Biz o‘zbek xalqi to‘ylarga, tinchlik, xursandchilikka o‘rgangan xalqmiz, mehnatga o‘rgangan xalqmiz. Allohim mana shuni bizga ko‘p ko‘rmasin. Urush bo‘layotgan yurtlarda ham urush to‘xtasin. Chunki bu ko‘rgulik ayollar, bolalar, yoshlar boshiga tushyapti. Ular tinchlik-omonlikda hayot kechirishsin.

Tinchlik-xotirjamlik qanday baxt ekanligini, xursandchilikda yashab, bilishsin. Tilagimiz shu. Hamma-hammangizga omad tilab qolamiz. Biz san'atkorlar hamisha sizlarga kerak bo‘laylik, hamisha ijod qilaylik. Xursandchilik kunlaringizda yoningizda sizlar bilan bilan birga bo‘laylik”.

Chin ko‘ngildan bildirilgan tabrik so‘zlaridan so‘ng, Yulduz opaga birma-bir savollarimizni berishga oshiqdik.

— Yulduz opa, bilamizki, qo‘shiq san'atkorning vujudidan yaralgan farzandi kabi bo‘ladi. Aytingchi, so‘nggi albomingizdan o‘rin olgan qo‘shig‘ingizga “Men sen bilan qirolichaman” degan jarangli nom berilgan, bunday atalishiga sabab nima, u qayerdan kelib chiqdi?

 Bu savolingiz biroz noto‘g‘ri tuzilgan deb hisoblayman. Siz har bir qo‘shiqchining qo‘shig‘i uning farzandi kabidir deyapsiz. Har bir qo‘shiqchi o‘zining qo‘shig‘ini aytmaydi. Mana shu yerda savolning o‘zi noto‘g‘ri kelib chiqyapti. Mening qo‘shiqlarim o‘zimning ichimdan kelib chiqib, o‘zim yozganim uchun ularni o‘zimga tegishli, deb hisoblashingiz mumkin, chunki o‘zi ijod qilgan san'atkorgina, o‘zidan o‘tgan xislarni tomoshabinga yetkazib bera olgan ijodkorning qo‘shig‘inigina o‘zidan chiqyapti desa bo‘ladi. Menga kelsak, qo‘shiqlarimning ko‘pini o‘zim yozaman.

“Men sen bilan qirolichaman” qo‘shig‘i... Xalq bizni qo‘shiqlarimiz uchun yaxshi ko‘radi. Xalqni ichida qirolicha bo‘lgan bo‘lsam, mana shu qo‘shiqlarim tufayligina qirolicha bo‘ldim. O‘zimga tilagim, ijodim to‘xtamasin. Ijod to‘xtasa, men hech kim emasman. Aslini olganda esa, bu qo‘shig‘im o‘zim haqimda ham emas, uning mavzusini tashqaridan oldim. Mavzuni doim xalqdan olaman. Yosh qizlarimizni kuzatdim. Hayotda ko‘plab qizlar, ayollarimizni ko‘raman. Ba'zi qizlarga hayron qolaman, ular kimningdir qizi bo‘lsa, omad bo‘lsa, qomat bo‘lsa, puli bo‘lsa, darrov sevgilisi ham topila qoladi. Ularning nimasini yaxshi ko‘rishadi, nima uchun ularni boricha yaxshi ko‘rishmaydi? Oilasi buzilib ketayotganlarni ham ko‘ryapman. Oilada har qanday vaziyat bo‘ladi. Bori bor, yo‘g‘i bor. Mana shunday vaziyatda ikki yoshning orasiga kirib olayotganlarni “pashsha” deb bilaman. “Men oz bo‘lsa ham baxtli bo‘lishim kerak”, - deyishadi ba'zi qizlarimiz. Albatta, barcha baxtli bo‘lishga haqli. Farzandarimizga berilayotgan ortiqcha erkinlik balolar, oilalar buzilishiga olib kelyapti. Shuning uchun men ko‘pchilik  qizlarimizga atab “Men sen bilan qirolichaman” dedim. Kim nima desa, desin. Qizlar, agar baxtingizni topgan bo‘lsangiz, mahkam ushlang. 

Qirolicha bo‘lib yuring, chunki farzandlaringizning otasi, sizni sevgan, sizga qattiq gapirgan yana o‘sha turmush o‘rtog‘ingiz. Birinchi kigiz – oq kigiz deyishadiku axir. Ana o‘sha birinchi kigiz sizni baxtli qilib, qirolichaga aylantiradi. Bu qo‘shig‘im xalq orasida o‘z muxlislarini topmoqda. Kuni kecha bir to‘yga borganimda, mehmonlar orasidagi oddiy xalqdan chiqqan, sakson yoshdagi  hoji ona yonimga kelib: “Bolam, men ham qirolichaman. O‘zimning turmush o‘rtog‘im, o‘n olti nafar nabiralarim, kuyovlarim uchun qirolichaman” dedilar. Men buni eshitib juda xursand bo‘ldim. Aytgan qo‘shig‘im mana shu hoji onaning ham yurak-yuragiga yetib borganligi tufayli, to‘yxonadan chiqqach, ko‘zimga yosh keldi. Chunki ayol zoti, inson zoti borki, kimgadir kerakligini bilganida, o‘zini qirolicha deb his qiladi. Shundan xulosa qilamizki, hurmatli erkaklarimiz, ayollar o‘zlarini kerakli ekanliklarini bilishganidagina qirolicha bo‘lishadi. Qo‘shiqqa bu nomning berilishi shu tariqa tashqaridan olinib, yoshlarimizga bag‘ishlab yozilgan. Men hech qachon o‘zimni qirolicha deb bilmaganman, o‘zimni xalqning xizmatkori deb hisoblaganman. Keyin shuni his qildimki, men ham o‘z turmush o‘rtog‘im uchun qirolicha ekanman. Ular bilan o‘zimni topdim. Aziz qizlar, biz ko‘pincha bir guldasta, zeb-ziynatga aldanib qolamiz. Sizlarni qirolicha qiladigan turmush o‘rtoqlaringiz. Allohning oldida mana shu meni turmush o‘rtog‘im deya bo‘yniga olganlardir. Balki u shirin so‘zini topib aytolmas, lekin u siz uchun kuyinadigan, yonadigan inson.  Shuni unutmaslik kerak”. (Yulduz opa bugungi ayrim yoshlarimiz duch kelayotgan salbiy vaziyatlar – oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘layotgan holatlar haqida kuyinib javob berishda davom etarkanlar, mavzuni biroz o‘zgartirish maqsadida, ularga quyidagicha savol bilan yuzlandik).

Yulduz opa, har bir insonning xursandchilik va g‘amgin holatlarida zavq va taskin beradigan qo‘shiqlari bo‘ladi. Bunday damlarda siz miriqib tinglaydigan qo‘shiqlar bormi? Bugungi kunda Yulduz Usmonova kimlarni tinglamoqda?

— Men boshqa san'atkorlarni kamdan-kam eshitaman. Chunki boshqa ijodkor qo‘shig‘ini tinglash uchun uning musiqasi, she'ridan qoniqish kerak. Men sizga bir narsa aytay: shoirlar, aranjirovkachilarga boraman. Ularga  qanday ishlashni o‘rgataman, kamchiliklarini aytaman, tanbeh beraman. Ular:“...boshqa san'atkorlar mana shu qo‘shiqqa o‘xshagan narsa qilib bering deyishadi, undan-bundan olib, yozib bering” deya aytishyapti deydilar. Demakki, ular jon kuydirib yozmaydi. Yuz so‘m pul bersangiz, shunga biror narsa yozib beradi. Buni yashirmaydi ham. Mavzu boshqa axtarilmaydi. Qanday qilib men shuni eshitay, qanday qilib men bundan qoniqay. Indamasam, menga ham xuddi shunday qilib bermoqchi bo‘lishadi. Shuning uchun ham haqiqiy san'atkorlar mendan ham qo‘rqadi, ham hurmat qiladi.  Men haqiqiy musiqachilar haqida gapiryapman. Qo‘liga kechagina mikrofon olganlar haqida emas.

Bitta qo‘shig‘i xit bo‘lganidan keyin yulduzman deya o‘zlarini his qilishadi. Sen ertaga hech kim emassan, chunki sen tanilib olding xolos, uni ushlab tura bilish kerak. Xalqning dardini kuylamasang, bunaqasi ketmaydi. Tomoshabinlar bir kun qarsak chalsa, oynaga qarab “bu MeNman” deya his qila boshlaymiz. Mana shu narsa odamni sindiradi, umuman sarxushlikka ham vaqt bo‘lmasin. Uyga kelib, oyoq kiyimingni yechib, bu qo‘shig‘im xalqqa yoqdi, uni nimasi yoqdi ekan, men yana qaytadan bir ishlaychi, deya boshqa bir yo‘nalish topish kerak. Ko‘p san'atkorlar “mast” bo‘lib qolyapti, ana shundan sinyapti. Chunki seni sen qilgan avvalo Alloh, qolaversa xalq. Agar xalq qarsak chalmasa, xalq seni kerak qilmasa, sen hech kim emassan”.

O‘ttiz yildan beri xalqning sevimli xonandasi bo‘lgan Yulduz Usmonovaning san'at yo‘liga endigina qadam bosib kelayotgan yosh ijrochilarga qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz?

— Men ekrandan maslahat bermayman. Hazrati Imom al-Buxoriy nima uchun Samarqand bilan Buxoroning o‘rtasida yotganliklari haqida o‘zingizga hech savol berganimisiz? Ziyorat qilgani borgan yoshlar bilishlari mumkin, chunki u yerda tarixni aytib berishadi. Shunda ham duo qilib bo‘lishi bilan qochib ketganlar emas, tarixni o‘rganishni bilganlari. Islom dunyosi, din olamidagi shunday shaxs – a? Payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V dan keyin turadigan buyuk zot hisoblanadilar. Buxoro amirligiga kelib saboq bering deyilganida, “Ilm sening ortingdan emas, sen ilmning ortidan yurishing kerak” deganlar. Buxoro amirligi quvg‘in qilganida, Samarqand ham qabul qilmaydi. Mana shu ikki yer o‘rtasida vafot qiladilar. Chunki ilmning ortidan yursanggina, Yulduz Usmonovadan ham ziyoda bo‘lasan. Biroq ilmning orqasidan yurmasang, muvaffaqiyatga erisha olmaysan. Ko‘p yosh san'atkorlarimiz hozirda dars ham olmayapti. Men bir necha yildan beri sahnadaman. Haligacha ham dars ham olaman, ham dars beraman. Haligacha vokaldan dars qilaman, ovoz mashqlarini bajaraman. Bilgan bo‘lsangiz, bu yilgi albom yanada jarangdor chiqqan. To‘rt oy davomida domlalarning oldiga borib ovoz mashqlarini bajardim. Ham dars oldim, ham dars berdim. Biror narsa bo‘lib qolganim yo‘q. San'atkorlar, sizga xalq olqish berayotgan bo‘lsa, kechagi darslaringiz, mehnatlaringiz uchun olqishlamoqda. Biroq bugun nima uchun buni unutdingiz? Qimmat do‘kondan kiyindim deb o‘zlaringizni boshqacha tutasizlar? Qarsak, olqishlarning bari mehnat evaziga olinadi. Xalq ham qarsak chalsa, senga emas, sening mehnatingga qarsak chaladi. Bu maslahatga kirmaydi, men faqat tanbeh berishim mumkin xolos. Maslahat eshikni taqillatib kelganlarga beriladi.

Avvallari eshik taqillatganlarga ustozlar: “Kimsan?” deyishgan. “Falonchiman” desa, eshik ochilmaydi, oxiri yuzinchi marta kelganida, “Kimsan?” deb so‘ralganida, “ - Ustoz, siz kim desangiz, men o‘shaman deyilsa”, eshik ochilib, ular shogirdlikka qabul qilinganlar. Hozirgilar ustoz biroz tanbeh bersa, uning ustidan shikoyat qilib, yuqoriga olib chiqishdan toyishmayapti. Domla qattiq gapirmasa, kim senga qattiq gapiradi? Ota-ona ham gapirmayotgan bo‘lsa axir. Hozirda bitta san'atkorning orqasidan butun qarindosh-urug‘ “yulduz”, ota-ona ham “yulduz”, qarindosh-urug‘ ham “yulduz”ga aylanyapi. U holda kim ishlaydi, o‘rtoqlar. Tushinglar pastga. Bu hammamizga, menga ham taalluqli. Tushinglar pastga. Biz xalqning xizmatchisimiz. Xalqning dardidan uyalmang. Yangi yilda tilagim – kitob varag‘ini qaytadan ochishsin. San'atkorlarimiz qaytadan “Bismilloh”ni aytib, domlalar, ustozlarning eshigini qoqishsin. Ustozlarning ham vaqti bo‘lmaydi. Ular ham shogird bir quti shirinlik ko‘tarib kelsa, dars beraman deb kutib o‘tirganlari yo‘q. Biroq sizga kerak bo‘lsa, eshigi oldida kutib turasiz, chiqqanida esa etagini mahkam ushlab olasiz. Arqonga chiqmoqchi bo‘lsangiz, qo‘lingiz toyib, pastga tushib ketasiz.

Arqon bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish uchun esa mashq qilish, chiniqish kerak. Demak, biz butun umr chiniqishimiz kerak. Yulduz Usmonova qarimaydi deyishadi. Atrofingizdagilarning oldiga borib qarasangiz, hammasi ikkita gelli yuz bo‘lib ketgan. Qo‘liga ketmon olgan odamgina pishadi.  Ana o‘sha jismoniy mehnatni mana shu yerda qilish kerak. Ustozlar qayerda qoldi? Ustozlarning oldiga boring, ulardan saboq oling. Ular san'atga qanday kirib kelishdi, qanday ishlashdi, shulardan o‘zingizga xulosa chiqaring. Ular yo‘l qo‘ygan xatoliklarni takrorlamang. Axir ovoz ham bir instrument. Pichoq kabi charhlasangiz, o‘tkirlashib boraveradi, biroq charhlamasangiz, o‘tmaslashadi. Quloq ham bora-bora eshitmay qoladi. Ularni mashq qildirish kerak. Hammasi uchun mo‘ljallangan mashqlar bor. Biz bugun dars olishni istamaymiz. “Men mana shuncha yildan beri sahnadaman” deyishadi. Men bu yil 30 yildan beri sahnada bo‘lib, 60-albomimni yaratgan bo‘lsam, bu nafaqat mening muvaffaqiyatim, bu xalqning muvaffaqiyati. Menga vafo qilgan muxlislarimning muvaffaqiyati. Ularning qarsagi, duolari bilan mana shu yergacha yetib keldim. Birgalikda bo‘lishsin deya kuni kecha taqdimotni o‘tkazdik. Mayli, hozirgi yosh san'atkorlar ham bir kun kelib yo‘lini topib ketar desak, hech qachon yo‘lini topmaydi. Nima uchun biz qattiq gapni xohlamaymiz? Nima uchun shirin gap eshitish istagida bo‘lamiz. Axir asal qanchalik shirin bo‘lishiga qaramay, uning organizm uchun bo‘ladigan zarari ham yetarlicha-ku. Stulga o‘tirsangiz sizga orqa bo‘ladi, to‘shak esa orqa bo‘la olmaydi. Qattiq narsaga suyanish kerak. Spartancha tarbiyalash bejiz emas, ana o‘shanda odam bo‘lamiz. Biz esa yumshoq narsa xohlayapmiz, tanbeh eshitishni istamaymiz. Mening ham necha yillik umrim qoldi? Qo‘limdan kelganicha ishlayapman. Yo‘l bermayapti deyishadi.

Bir quti konfet ko‘tarib kelib, fotiha bering deydiganlar ko‘payib ketyapti. U holda fotiha bilan hamma qo‘shiqchi bo‘lib ketadi-ku. Bu bachkanalik emas-mi? Bu kulguli. Men ham fotiha berib, keyin kulib o‘tiraman. Fotiha bermasangiz, “ichi qoralik qildi, Yulduz Usmonova menga fotiha bermadi” deyishadi. Fotihani mehnat bilan oling. Quruq fotihani o‘zi bilan bo‘lmaydi, haqiqiy san'atkor bo‘lish uchun yigirma, o‘ttiz yillab shogird bo‘lishgan. Hozirda na dars olishni xohlashadi, na ustoz olishni xohlashadi. (Yulduz opa san'at sohasidagi ustoz-shogirdlik an'analari to‘g‘risida uzoq gapirdilar).

 “Jurnalistlar, sizlar haqiqatni aytishingiz kerak, bu gaplarni sizlar aytmasangiz, kim aytadi? San'atkor san'atkorga gapirsa, ustoz deb bilishmaydi. Sizlar haqiqatni aytishingiz kerak. Dutor, tanbur degan milliy musiqa asboblarimiz bor. Nima uchun ovozi yo‘q san'atkorlar paydo bo‘lsa, siz jurnalistlar o‘zingizga ular qayerdan keldi, deya savol bermaysizlar? Ovoz rejissyori, operatorlarga haykal qo‘yish kerak. Ular (yosh san'atkorlar)ni archani bezatgandek, bittalab “yasashyapti”. San'atkorlar xalqimizga xizmat qilish uchun kerak, ular xalq uchun ishlashsin, shunda kam bo‘lishmaydi.

Suhbatimiz davom etarkan, shu payt Yulduz opa san'at sohasida haligacha izlanishda ekanliklarini aytib, quyidagi yangilik bilan bizni hayratga soldilar:

 Amerika Qo‘shma Shtatlarining Indiana shtat universitetidan menga taklif tushdi. “O‘rta Osiyo pop musiqasi” mavzusida boshlagan ishim  ayrim sabablarga ko‘ra, oxiriga yetmay qolgan edi. Ana shu mavzudagi  kandidatlik ishimni yoqlash arafasidaman. Sobiq tuzum tarqab, mustaqillikka erishgach, zamonaviy o‘zbek pop musiqasi, uning rivojlanish jarayoni, o‘sha davrda ijod qilgan va hozirgacha ijod qilib kelayotgan san'atkorlar to‘g‘risida, o‘zimning ilm va tajribamni kitob orqali taqdim etaman. Xorijliklar uchun bu qiziq mavzu bo‘ldi, ularning o‘zlari taklif bilan chiqishdi, o‘ylaymanki, xalqimiz uchun ham qiziqarli bo‘ladi.

Xalqimiz sevgan san'atkor bilan yana ko‘plab mavzularda suhbatlashish istagida edik, biroq vaqt chegaralanganligi bois, suhbatni yakunlar ekanmiz, Yulduz opa yana bir bor xalqimiz, muxlislarga murojaat etib, shunday dedilar:

 Tanamda kuchim bor ekan, Xudo xohlasa, xalqim uchun xizmat qilaman. Buning uchun hamma sharoit mavjud. Bugun davlatimiz rahbarlari  xalqqa, ijodkorlarga keng yo‘l ochib berishdi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hamma-hammalaringizga cheksiz hurmatim, muxabbatim, sevgimni izhor etib qolaman. Ijodim doimo sizlar bilan birga bo‘lsin. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish