Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukraina 3 mlrd dollarlik qarz bo‘yicha defoltga yo‘l qo‘yganini e'lon qildi
Rossiya Ukraina 3 mlrd dollarlik qarzini to‘lashda defoltga yo‘l qo‘yganini e'lon qildi, deb xabar berdi Rossiya moliya vazirligi. Moskva Ukrainadan bildiriladigan istalgan salmoqli taklifni e'tibor bilan o‘rganib chiqishga tayyor.
Bunga Ukraina Rossiyaga 3 mlrd dollarlik qarz va 75 mln dollarlik kuponni to‘lamagani sabab bo‘lgan.
“Rossiya moliya vazirligi 1 yanvarda Ukraina 2015 yil 31 dekabrda tugagan imtiyozli davr ichida umumiy miqdori 3,075 mlrd dollarlik qarzini to‘lamaganini ma'lum qiladi”, deb aytilmoqda xabarda. Bu xabarni “Interfaks” axborot agentligi keltirib o‘tdi.
Xabarda aytilishicha, moliya vazirligi The Law Debenture Corporation kompaniyasiga murojaat qilib, ushbu holat yuzasidan sud taftishini boshlash uchun zarur bo‘lgan jarayonlarni boshlash tashabbusini bildirdi. Da'vo arizasi Angliyadagi sudga topshiriladi.
17 dekabrda Xalqaro valyuta jamg‘armasining direktorlar kengashi Ukrainaning Rossiya oldidagi qarzining rasmiy maqomda ekanligini tan oldi. Ertasi kuni Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiyaga qarzning to‘lanishiga moratoriy (muddatning uzaytirilishi) kiritdi. Kremlda Ukraina shu tariqa defolt, ya'ni qarzni muddatida to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmaganini tan olgani aytildi.
Ukraina bu qarzni 2013 yil dekabrida mamlakat prezidenti Viktor Yanukovich bo‘lgan vaqtda olgan. Ushbu mablag‘lar Ukrainaga uning suveren yevrobondlari evaziga berilgan. Hammasi bo‘lib Ukrainaga 15 mlrd dollar berilishi ko‘zda tutilgan. Yanukovich o‘z lavozimidan ag‘darilgandan keyin Rossiya Ukrainaga qolgan pullarni berishni to‘xtatgan, Ukrainaning yangi hukumati esa qarzni 2015 yil 31 dekabrigacha qaytarishdan bosh tortgan.