Jahon | 14:45 / 01.01.2016
20037
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy tahlilchilar Vladimir Putinni 2016 yilgi asosiy xavflar qatoriga kiritishdi

2016 yilgi biznes uchun yirik xavflar orasida AQSh va Xitoy tashqi siyosatining qat'iylashtirilishi, terrorchilik tahdidlari, neft narxining 20 dollardan pastroqqa kamayishi, kiberhujumlar va Kremlning kutilmagan harakatlari aytildi. Bu haqda Forbes jurnalida yozildi.

Nashrning yozishicha, siyosiy xatarlar biznes uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan xavflardir. 2016 yilda biznesni qanday xatar kutayotganini aniqlash maqsadida maqola muallifi Jonatan Vebb ko‘plab tahlilchilarning fikrini o‘rganib, ular asosida 2016 yildagi 9 ta eng muhim siyosiy xavflar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Bunday xavflar orasida Lotin Amerikasining iqtisodiy qiyinchiliklar bosimi ostida o‘ng kuchlar tomon yuzlanishi hamda Afrika duch kelishi mumkin bo‘lgan uzoq davom etuvchi iqtisodiy barqarorsizlik aytildi.

Tahlilchilarning fikricha, Obamaning yumshoq yondashishidan keyin prezident lavozimiga nomzodlar qat'iyroq tashqi siyosatni talab qildilar. Xitoy va Rossiya Obama harbiy harakatlarni tarafdori emasligini ko‘rdilar va bundan foydalandilar, deb yozmoqda nashr.

Ekspertlardan birining fikricha, bu davlatlar Obamaning prezidentlik muddatining yakunlanishigacha yanada kattaroq global barqarorsizlikni keltirib chiqarishlari mumkin.

Xitoy ishbilarmonlik muhitiga xavf soluvchi yana bir tahdid sifatida aytilmoqda. Xitoy o‘zining ishonchi baland harbiy va tashqi siyosati bilan mamlakatda g‘arb kompaniyalariga savdo operatsiyalarni amalga oshirishda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

Nashrning yozishicha, Rossiya o‘zini 2016 yilda qanday tutishi borasida ekspertlarning fikri turlicha bo‘ldi. Ular Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keskinlikning pasayishini prognoz qilishmoqda, bu qisman Suriyadagi umumiy manfaatlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

AQSh Rossiya oxir-oqibat Bashar Asadni ketishga ko‘ndiradi, chunki Putinga IShIDni yutish uchun AQShning harbiy qudrati kerak, deb aytmoqda tahlilchilardan biri.

Biroq shu bilan birga ekspertlar “Ukrainaga bostirib kirgan” Rossiyani barqarorsizlik va ishonchsizlikning doimiy manbasi bo‘ladi, deb hisoblamoqdalar. Ularning aytishicha, “Putin o‘zini juda g‘alati tutmoqda” va “uning xatti-harakatlarini oldindan aytishning iloji yo‘q”.

Bu g‘oya tarafdorlari Putin ko‘p tavakkalchilik qilayotgani va bu tavakkallar nazoratdan chiqishi, natijada Rossiya quvg‘indi davlatga aylanishi mumkin, demoqdalar. Putin keskinroq harakat qilmoqda, bu esa u tomondan turli mavhum va g‘alati harakatlar amalga oshirilishiga olib kelishi mumkin.

Biznes uchun xatarlar orasida neft narxining 20 dollardan pastlab ketishi, teraktlar va IShID harakatlarining kutilmagan oqibatlari, ishbilarmonlik operatsiyalari o‘tkaziladigan kompyuter serverlariga kiberhujumlar ham aytildi.

Nashr muallifi 2016 yildagi xavflar orasida 1-o‘ringa yadroviy terrorchilikni qo‘ydi. Agar IShID kabi terrorchilik guruhi yadroviy qurilmani qo‘lga kirita olsa, bu butun dunyoda sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.

Tahlilchilarning fikricha, IShID ommaviy qirg‘in qurolini “sadoqatsiz” pokistonlik yoki rossiyalik generaldan 10 yoki 20 mln dollarga sotib olishi mumkin. Nashrning ta'kidlashicha, buning yuz berishi ehtimoli kam, biroq yuz bersa ham oqibatlari ulkan bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish