Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh kompaniyasi Namangan viloyatidagi “Norinteks” to‘qimachilik majmuasi aksiyalarini sotib olmoqchi
AQShning Enertrade kompaniyasi Namangan viloyatidagi “Norinteks” to‘qimachilik majmuasi aksiyalarining davlatga tegishli paketini sotib olishni rejalashtirmoqda, deb ma'lum qildi “O‘zbekengilsanoat”dagi manba Sputnik nashri muxbiriga.
Manbaning ma'lum qilishicha, amerikaliklar “O‘zbekengilsanoat”ga tegishli korxonaning 25 foiz aksiyasini sotib olish bo‘yicha hamfikrlik haqidagi memorandumni imzoladi.
“Hozir “O‘zbekengilsanoat”, Davlat raqobat qo‘mitasi va AQSh tomoni bilan shartnomani tayyorlash jarayoni ketmoqda. Biz barcha texnik jarayonlarni yakunlab, shartnomani 2016 yilning 1-choragi yakunigacha imzolashni rejalashtirmoqdamiz”, deb aytdi manba.
Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, AQSh kompaniyasiga to‘lovni amalga oshirishning bir necha varianti taklif qilindi. Misol uchun, kompaniya zarur mablag‘ni birdaniga yoki uni 4 bo‘lakka bo‘lib, 2016 yil davomida to‘lashi mumkin.
Manbaning ma'lum qilishicha, amerikaliklar korxonani taqdim etiladigan zamonaviy texnologik yechimlar va texnologiyalar hisobiga kengaytirish majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.
Korxona 1984 yilda bunyod etilgan, 1995 yilda esa xususiylashtirilgan. Korxonaning ustav jamg‘armasi 640 mln so‘mni tashkil qiladi. 2014 yil yakunlariga ko‘ra, korxonaning sof tushumi 3,7 mlrd so‘mdan ko‘proqni tashkil qilgan.