Jahon | 10:49 / 02.01.2016
2745
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda jinoyatchi garovga olingan uch kishini yaraladi va o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi

AQShning Long-Bich shahrida (Kaliforniya shtati) bir erkak bir nechta jinoyat sodir etib, so‘ngra o‘zining joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, deb xabar bermoqda KTLA telekanali. Uning jinoiy xatti-harakatlari oqibatida o‘zi va yana uch kishi jabr ko‘rgan.

1 yanvarda shahar politsiyasi ichida ikki kishi bo‘lgan Volkswagen Passat avtomobilini taqib qila boshlagan. Nogoh qochayotgan avtomobildan bir erkak sakrab tushib, yo‘lovchilarga o‘q uza boshlagan va so‘ngra qizil yo‘ltanlamas avtomobilni olib qochgan. Jinoyatchi mashinada 10 km cha yo‘l o‘tib, bir uyga borib urilgan va voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘lgan.

Politsiyachilar jinoyatchini qidirish paytida yaqin oradagi uylardan birida o‘q ovozlarini eshitishgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchi bir necha kishi bo‘lgan uylardan biriga berkinib olgan. Jinoyatchi bir erkakka pichoq bilan jarohat yetkazgan, yana ikkitasini o‘qotar quroldan yaralagan. Shundan keyin jinoyatchi o‘zining boshiga o‘q uzgan.

Yaradorlardan biri uydan qochib chiqib, politsiyaga uyida ikki farzandi borligini aytgan. Bolalar jinoyat oqibatida jabr ko‘rgan-ko‘rmagani ma'lum qilinmagan. Ta'kidlanishicha, voqeaning 3 nafar jarbdiydasi va jinoyatchining o‘zi shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar jinoyatchining ahvolini og‘ir deya baholamoqdalar.

Taqib qilingan Volkswagen Passat mashinasi haydovchisi yashirinishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinroq avtomobil shikastlangan holatda topilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish