Sport | 15:43 / 02.01.2016
5499
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliyalik legioner futbolchi o‘ziga Ukraina armiyasidan chaqiruv bo‘lgani haqida esladi

Ukrainaning "Dnepr" jamoasi vakili, braziliyalik 35 yoshli yarim himoyachi, Ukraina fuqaroligini olgan Edmar Galovskiy de Laserda o‘ziga Ukraina armiyasidan chaqiruv kelganiga munosabatini bildirib o‘tdi. U 2014 yilda Ukraina sharqida boshlangan harbiy harakatlarni eslab o‘tgan.

"Men bu vaqtda mamlakatdan tashqarida, qishki yig‘inda qatnashayotgandim. O‘sha vaqtda bir qancha yigitlarga armiyaga chaqiruv qog‘ozlari kela boshladi. Menga yuborilgan chaqiruv qog‘ozini uyda bo‘lgan rafiqam olib qolgan. U o‘sha zahoti xavotirlanib, menga qo‘ng‘iroq qilgandi. Uning xabarini eshitganimda shunchaki shok holatiga tushgandim. Axir men bunday bo‘lishini tasavvur ham qila olmasdim.

Shundan so‘ng jamoa rahbariyatiga murojaat qilib, ular orqali bu muammoni hal qilishga kirishdim. Men ularga harbiy libos kiymoqchi emasligimni, chunki men harbiylardan nimani talab qilishlari haqida ham tasavvurga ega emasligimni bildirdim. Men hech qachon qo‘limga qurol olmaganman. Braziliyadaligimda ham men harbiy xizmat o‘tamaganman.

Ukraina futboli keyingi yillarda jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutdi. Men Xarkovda yashardim. Bu shahar Rossiya bilan chegaradagi viloyat markazi. Bu yerda otishmalar ro‘y bermadi. Lekin "Metallist" jamoasida inqiroz yuz berdi va jamoa yo‘q bo‘lib ketdi.

Ukraina fuqaroligini men bu mamlakat terma jamoasida o‘ynash maqsadida emas, bu mamlakatga o‘zimni yaqinroq his qilish maqsadida olgandim. Mening bu mamlakat bilan munosabatlarim ertaknamo. Lekin shu bilan birgalikda Braziliyadan uzilish haqida o‘ylamaganman.

Ukrainaga kelganimdan 2 oy vaqt o‘tganidan keyin ham menda til bilan jiddiy muammo bor edi. Bir kuni men go‘sht va boshqa mahsulotlar olish maqsadida bozorga bordim. Uzoq vaqt davomida navbatda turdim. Navbatim kelganida esa barmog‘im bilan o‘zimga kerakli narsalarni ko‘rsata boshladim. Tarjimonim yo‘q edi, ruschada esa bironta so‘z bilmasdim. Sotuvchi meni tushunmadi va ketishimni talab qildi. Men ketdim va o‘sha kuni och qoldim. Xonamda yig‘lamoqdan beri bo‘lib o‘tirdim.

Lekin keyingi 8 oy ichida ruschada bemalol gaplasha oladigan bo‘ldim va o‘sha bozorga yana bordim. O‘sha sotuvchiga tushunarli tilda o‘zimga nima kerakligini aytdim. U esa mahsulotlarining eng saralarini menga tavsiya qildi.

Unga o‘tmishdagi voqeani eslatganimda esa u o‘shanda charchoq tufayli menga qilgan muomilasi uchun uzr so‘radi", deya eslaydi Edmar.