Jahon | 12:35 / 02.01.2016
3823
2 daqiqa o‘qiladi

Politsiya Dubaydagi yong‘in tufayli 1 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarni rad qildi

Dubay politsiyasi 31 dekabr oqshomida shahar markazida joylashgan 5 yulduzli Address Downtown mehmonxonasida yuz bergan yong‘in tufayli 1 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi. Ayni vaqtda yong‘in vaqtida jabrlangan 14 kishidan 2 nafari shifoxonada qolayotgani aytilgan.

Bundan oldinroq, nashrlarda yong‘in vaqtida bir kishi yurak xuruji tufayli halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi. Bu ma'lumot rasman tasdiqlanmagandi.

Dubay politsiyachilari rahbari Xamis Matar al-Mazeyna bergan ma'lumotga ko‘ra, yong‘indan keyingi evakuatsiya ishlari vaqtida 14 kishi shifoxonaga olib borilgan, ulardan biri o‘rta darajadagi kuyish jarohatini olgan, yana bir kishi yurak xurujiga uchragan.

"Barcha jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan, zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilganidan so‘ng, ulardan 12 nafariga javob berilgan. Hozirda bir homilador ayol va yana bir keksa erkak shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi", deydi politsiyachilar boshlig‘i.

Ma'lum qilinishicha, yong‘in arafasida mingga yaqin kishilar bo‘lgan (shulardan 77 nafari bolalar). Ularning barchasi xavfsiz joyga ko‘chirilgan, Dubay hukumati ularga shahardagi boshqa mehmonxonalardan joy taqdim etgan.

Yong‘in sabablarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Dubay markazidagi mehmonxona binosida yong‘in chiqdi

TV: Dubaydagi bayram tadbirlari mehmonxonadagi yong‘in tufayli bekor qilinmaydi

Dubayda mehmonxonadagi yong‘inga qaramasdan bayram salyutlari otildi

Dubaydagi mehmonxonadagi yong‘in binoning 40ta qavatiga zarar keltirdi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish