Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arsen Venger 10 kun ichida "Arsenal"da yangi futbolchi paydo bo‘lishini aytdi
"Arsenal" jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger yaqin vaqt ichida jamoa tarkibi kuchaytirilishini ma'lum qildi.
U qishki transfer mavsumi borasida o‘z fikrlari ayta turib, 10 kun ichida londonliklar safiga yangi futbolchi kelib qo‘shilishini bildirgan.
Shu bilan u jamoaning jarohatlangan futbolchilari tez orada safga qaytishi va qishki transferlar vaqtida juda ko‘p futbolchi xarid qilinmasligini aytgan.
"Umid qilamanki, 10 kun ichida biror futbolchini xarid qila olamiz. Bu yerda son emas, sifat muhim. Jarohatlangan futbolchilarimiz ham tez orada safga qaytishadi.
Tez orada Koklen o‘yinlarga tushishga tayyor bo‘ladi, u yugurish mashqlarini boshlagan. Kasorla esa fevral o‘rtalarigacha jarohatidan davolanadi. Arteta jarohatidan qutuldi. Shu sababli qishki transfer mavsumida uzog‘i bilan ikki nafar futbolchi sotib olamiz. Vaziyatga real baho berish kerak. Hech kim Yangi yil arafasida "Menda sizning jamoangizni kuchaytira oladigan fantastik futbolchi bor" deb bong urmagandi ham", - deya Vengerning so‘zlaridan iqtibos keltiradi ESPN.
Biroz avvalroq "Bazel" futbolchisi Muhammad El-Nenni "Arsenal"da tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqida xabar berilgandi. Bu futbolchini "kanonirlar" rahbariyati 7 million funt evaziga xarid qilmoqchi ekani aytilgan.