O‘zbekiston | 20:11 / 04.01.2016
16601
2 daqiqa o‘qiladi

Belgilangan taqiqlarni buzgan holda qurilish qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

2015 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi.

Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, mazkur hujjat asosida, 6 ta Kodeks va 28 ta Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Jinoyat Kodeksiga shaharsozlik bilan bog‘liq yangi jinoyat turi kiritildi.
Mazkur qo‘shimchaga binoan, endilikda belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy harakat sifatida baholanadi.

Bunday holatda javobgar hisoblangan shaxs eng kam oylik ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Jinoyat Kodeksiga kiritilgan yangi moddaning matni:
229-3-modda. Belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash

Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq binolarni, inshootlarni yoki boshqa obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlashga taqiqlar (cheklovlar) belgilangan zonalarda ushbu ishlarni bajarish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.