Jamiyat | 23:42 / 04.01.2016
12695
3 daqiqa o‘qiladi

Bir yil davomida yashirin ish olib borgan samarqandlik jinoiy guruh ustidan sud hukmi e'lon qilindi

O‘tgan yilning may oyida Samarqand shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudi bir guruh shaxslar tomonidan viloyat hududida ma'lum bir vaqtda giyohvand moddalarni noqonuniy tashish va ularni tarqatish bo‘yicha jinoiy ish ko‘rib chiqilgan edi.

Qora kursida Samarqand, Oqdaryo va Urgut tumanlarida istiqomat qilib kelgan va chet ellik narkodillerlar qurboniga aylangan to‘qqiz nafar quaro fuqarolar joy oldi.

2014 yilning iyun oyi boshida Safar va G‘olib (ismlar o‘zgartirilgan) Samarqand shahridagi “Geofizik” mahallasida yashovchi Botirdan 10 gramm giyohvand moddasi olishadi va uni ikki baravar qimmatiga pullashadi. Ikkinchi safar ham ularga omad kulibboqdi. Ular safini kengaytirish haqdabosh qotirishdi.

Safar 2014 yilning fevral oyida muqaddam sudlangan Minnatilloni o‘z safiga qo‘shib oladi. Endi uyushgan jinoiy guruh giyohvand moddalarning ko‘proq partiyasini talab qilishadi. Ular qolgan foydadan «Matiz», «Damas», «Neksiya» mashinalari hamda qimmatbaho buyumlar va telefonlar sotib olishadi.

Minnatillo 2014 yilning iyul oyida Urgut tumanining chegaraga yaqin joyida yashovchi Mannop T ga ikki kilogramm giyohvand modda buyurtma qiladi. Buyurtma darrov amalga oshiriladi. 52 million so‘mlik shartnoma Minnatillo Arziyevning uyida amalga oshiriladi. Bir oydan so‘ng esa xuddi shu shaxs bilan 26 million so‘mlik “ish qilinadi”. Minnatillo qo‘lga kiritgan tovarlarini o‘z “mijoz”lariga ikki baravarga pullaydi.

Ushbu jinoiy guruh bir yil mobaynida 30 kilogrammga yaqin giyohvand moddasini sotishga muvaffaq bo‘lishadi. Ularning jinoiy ishlari Samarqand viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan fosh qilinadi.

2014 yilning 25 oktabr sanasida «Cho‘ponota» postida Safar boshqarib ketayotgan «Damas» rusumli avtomashina to‘xtatiladi. Haydovchining kastyumi cho‘ntagidan 12,11 gramm geroin moddasi topiladi. Shundan so‘ng, jinoiy guruhning barcha a'zolari qo‘lga olinadi. Tintuv ishlari davomida Minnatilloning uyidan sotish uchun saqlangan 1603,98 gramm quritilgan, 318,1 gramm yangi marixuana giyohvand moddasi va boshqa giyohvand moddalari topiladi. Jinoiy guruh a'zolaridan «Matiz», «Neksiya», «Damas» rusumli avtomashinalar, umumiy qiymati 90 mln. so‘m bo‘lgan 7 ta qimmatli uyali aloqa vositasi va 23 ming dollar va 21 mln. so‘m daliliy ashyo sifatida olib qo‘yiladi.

Samarqand shahri jinoiy sudi tomonidan Minnatillo A., Anzur O., Saydullo A. 13 yilga, Adxam O., Pirmat T., Botir N. 12 yilga, Safar O. va G‘olib A. 8 yilga, Toshmirza D. Esa 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.