O‘zbekiston | 13:55 / 04.01.2016
21419
3 daqiqa o‘qiladi

Doimiy propiskaga o‘tish uchun onlayn ariza taqdim etish xizmati ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yangi interaktiv xizmat yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali doimiy propiska qilish uchun onlayn ariza taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida keltirilishicha, xizmat jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi "Davlat boji stavkalari haqida" 533-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazganlik va chiqarganlik uchun, shuningdek, turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish uchun eng kam oylik ish haqining 2 foiz miqdorida davlat boji undiriladi.

Xizmatni ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti; tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma (16 yoshga to‘lmagan, ota-onalaridan (vasiylar va homiylardan) alohida yashovchi shaxslar uchun); harbiy bilet yoki shaxsiy guvohnoma (kazarmalardan, kemalardan tashqarida yashovchi harbiy xizmatchilar uchun) kabi hujjatlar talab qilinadi.

16 yoshga to‘lmagan, ota-onalari (vasiylari, homiylari) bilan birga yashaydigan bolalarni qayd etish tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar bo‘yicha, ular to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uy daftarlariga (qayd etish varaqchalariga) kiritish orqali amalga oshiriladi.

Agar sudlangan shaxslar o‘chirilmagan yoki o‘rnatilgan tartibda yechilmagan bo‘lsa, shaxs terroristik, ekstremistik, jinoiy va boshqa taqiqlangan guruhlarga a'zo bo‘lsa yoki o‘zi va yaqin qarindoshlari haqida xato ma'lumotlar yoki hujjatlar taqdim etsa ariza rad etilishi mumkin.

Shuningdek, hujjatlar ko‘rib chiqish paytida taqdim etilgan turar joy mulkdori tomonidan doimiy ro‘yxatga qo‘yish rad javobi olinsa, hujjatlar ko‘rib chiqish paytida XChK va FR qismlaridan oldingi ro‘yxatga turgan joyi bo‘yicha olingan ma'lumotda noqonuniy holat aniqlansa ham xizmat ko‘rsatilmaydi.

Arizachi sifatsiz ko‘rsatilgan xizmat uchun va mas'ul xodimning e'tiborsizligi ustidan qonun doirasida yuqori turuvchi tashkilotlarga shikoyat yuborish huquqiga ega.
Propiska qilish muddati – respublika hududida shu kunning o‘zida, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida - 3 kunni tashkil etadi.