Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Manba: "Real" Benitesni ishdan bo‘shatish bo‘yicha qaror qabul qildi
Bugun "Real" jamoasi ofisida rahbariyat shoshilinch ravishda majlis o‘tkazdi. Unda bosh murabbiy Rafael Benitesning taqdiri masalasi muhokama qilindi.
Marca nashrining xabar berishicha, majlis yakunida Benites bilan hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Uning ishdan bo‘shatilgani haqida bugunning o‘zida e'lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, uning o‘rnini kim egallashi ham aniq bo‘lgan. Shu vaqtgacha "Real"ning o‘rinbosarlar jamoasi bo‘lmish "Kastilya"ni boshqarib kelayotgan Zinedin Zidan Benitesning o‘rnini egallaydi.
Ma'lumot uchun, Rafael Benites 2015 yilning yozida Karlo Anchelotti o‘rniga olib kelingandi. U "Real" bilan joriy mavsumning birinchi yarmida 18 turda 37 ochko to‘pladi va jamoa hozirda uchinchi o‘rinda qolmoqda.
3 yanvar kuni "Real" "Valensiya" maydonidan durang bilan qaytdi. Qolaversa, chempionatdagi asosiy raqiblar bilan uchrashuvlarda qoniqarsiz natijalar qayd etildi. "Barselona"ga qarshi "el klasiko" bahsida 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat, "Atletiko" bilan "Madrid derbisi"da esa 1:1 hisobidagi durang qayd etildi.
Oxirgi vaqtlarda Ispaniyadagi nashrlar Benitesning iste'foga chiqarilishi haqida ko‘p yozishmoqda edi.