O‘zbekiston | 13:50 / 04.01.2016
8012
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari davlat organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi

O‘zbekiston fuqarolari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq kollegial yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosi to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat organlari yig‘ilishlarida axborot foydalanuvchilarining ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi namunali nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, davlat hokimiyati organlari ochiq kollegial tadbirlarning o‘tkazilish rejalarini tegishli va maxsus ajratilgan o‘rinlarda joylashtirishi lozim. Rejada kun tartibi, tadbirning o‘rni va vaqti ko‘rsatilishi lozim. E'lon yig‘ilish o‘tkazilishidan kamida 3 kun oldin joylashtirilishi kerak.

Yig‘ilishda ishtirok etishni istagan fuqarolar ariza bilan murojaat qilishadi. Ariza ko‘rib chiqilib, u yig‘ilishda ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritiladi, bu haqda fuqaroga xabar qilinadi.

Zalda fuqarolarga alohida joy ajratiladi, agarda joy yetmasa, ular videoaloqa orqali yig‘ilishni kuzatish imkoniyati yaratilgan xonaga ko‘chiriladi. Rais tomonidan yig‘ilish ochilgani e'lon qilinganidan so‘ng kelganlar kechikkan hisoblanib, tadbirga kiritilmaydi.
Yig‘ilish davomida fuqarolar savol bilan murojaat qilishlari mumkin. Tadbirni videoga olish, suratga tushirish taqiqlanadi.