Jahon | 08:49 / 04.01.2016
6609
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni TIV rahbari Eron bilan diplomatik aloqalar buzilganini ma'lum qildi

Saudiya Arabistoni TIV rahbari Abdul al-Jubayr qirollikning Eron bilan diplomatik aloqalari buzilayotganini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda «Al-Arabiya» telekanali.
Telekanalning qirollik tashqi ishlar vazirligiga asoslanib xabar qilishicha, Saudiya Arabistoni Erondagi diplomatik missiyadan 48 soat ichida mamlakatni tark etishni so‘ragan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Eronga qirollik xavfsizligiga rahna solishga imkon tug‘dirmasligini ma'lum qilgan. Xabarlarda keltirilishicha, bunday qaror namoyishchilarning Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum uyushtirganidan so‘ng qabul qilingan.

Saudiya Arabistoni IIV terrorizmda ayblangan 47 kishi ustidan otuv yo‘li bilan o‘lim jazosi ijro etilganini e'lon qilgan edi. Ular orasida shiyalar yetakchisi Nimr an-Nimr ham bo‘lgan. 3 yanvar kuni esa namoyishchilar Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum uyushtirishdi. Qayd etilishicha, ular binoga o‘t qo‘yib, talon-taroj qilishgan. Hujumdan so‘ng politsiya qirqqa yaqin kishini qamoqqa olgan.