Jahon | 17:50 / 04.01.2016
5159
2 daqiqa o‘qiladi

Sudan Ar-Riyodga Eron elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishi haqida xabar berdi

Sudan prezidenti ma'muriyati boshlig‘i Tax Usmon al-Husayn Saudiya Arabistoni taxti vorisi, qirollikning Mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon bilan telefon muloqoti chog‘ida unga Sudan o‘z hududidan Eron elchisini chiqrib yuborishga va Tehrondagi elchisini chaqirib olishga qaror qilgani haqida ma'lum qilgan.

"General-leytenant Tax rasman ma'lum qildiki, Sudan Eron elchisini va boshqa yordamchilarini mamlakat hududidan chiqarib yuboradi hamda o‘zining Erondagi elchisini ortga qaytaradi", deyiladi Saudiya Arabistonidagi SPA axborot agentligida.

Qayd etilishicha, Sudan vakili Saudiya Arabistoniga sadoqat izhor qilgan va Eronning hozirgi vaziyatdagi tushunarsiz harakatlarini qoralagan.

Biroz oldinroq, Bahrayn Eron bilan diplomatik munosabatlarini uzishini ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan 47 kishi, shu jumladan, taniqli shia targ‘ibotchisi Nimr an-Nimrning qatl etilishi e'lon qildi.

Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasi qarshisida hamda Eron shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

3 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr “Qirollik ichki ishlariga ochiqdan ochiq suqilgani, regionda dushmanchilik harakatlarini amalga oshirgani va Tehrondagi Qirollik elchixonasiga hujum uyushtirgani uchun” Eron bilan diplomatik aloqalar batamom uzilgani haqida e'lon qilgan edi.