Jahon | 17:46 / 05.01.2016
5569
2 daqiqa o‘qiladi

Amsterdam-Pekin reysi yo‘lovchisi ikkinchi uchuvchini jarohatladi

KLM aviakompaniyasining Amsterdamdan Pekinga amalga oshirilayotgan uzoq masofalik reysi yo‘lovchisi samolyotning ikkinchi uchuvchisiga tan jarohatini yetkazdi, deya xabar bermoqda Frans Press agentligi kompaniya bayonotiga asoslangan holda.

Hodisa yakshanba, 3 yanvar kuni sodir bo‘lgan, biroq oradan ikki kun o‘tibgina ommaga oshkor qilindi.

“Yakshanba, 3 yanvar kuni Pekinda KL897 reysi bortida o‘zini idora qila olmaydigan yo‘lovchi hojatxonaga qamalib olib, o‘ziga oz miqdorda tan jarohatini yetkazgan... Shundan so‘ng u samolyot salonidagi oshxonalardan birida ikkinchi uchuvchini ham jarohatladi”, - deya iqtibos keltirdi agentlik.

Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchi o‘tkir qurol – pichoq yoki singan stakan bo‘lagi bilan jarohat yetkazgan. Aviatashuvchi mazkur xabarni tasdiqlamadi.

Aviakompaniya xabariga ko‘ra, jarohat olgan uchuvchi Pekinda davolanganidan so‘ng Niderlandiyaga qaytib ketgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish