Jahon | 20:08 / 05.01.2016
3489
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Yamandagi siyosiy tanglik tufayli halok bo‘lganlar soni 2,8 mingga yaqinni tashkil etmoqda

Yamandagi husiychilarga qarshi 2015 yilning 26 mart kuni Arab koalitsiyasi tomonidan harbiy amaliyotlar o‘tkazilishi boshlanganidan buyon 2015 yilning 31 dekabr kunigacha 2 795 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda 5 yanvar kuni Jyenevada o‘tgan brifing vaqtida Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Rupert Kolvill ma'lum qilgan.

"Dekabr oyining o‘zida nizolar 81 kishining yostig‘ini quritdi va 109 kishi jarohat oldi. 26 martdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda Yamandagi nizolar 2795 fuqaro o‘limiga sabab bo‘lgan, yana 5324 kishi yaralangan. Qurbonlarning mingga yaqini nafari husiychilar va ularning ittifoqdoshlari hujumlari natijasida, 1641 nafari esa havodan yog‘dirilgan o‘qlar natijasida halok bo‘lgan", deydi u.

Yamanda shialarning «Ansor Alloh» harakati va sobiq prezident Ali Abdulla Solihga sodiq armiya qismlari hamda ular surib chiqargan prezident Abdu Rabbu Mansur Hodiy qo‘shinlari o‘rtasida qurolli nizolar davom etmoqda.

2014 yilning avgustida isyonchilar va hukumat o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan, 2015 yilning yanvarida husiychilar mamlakat poytaxtini istilo qilgach, prezident janubdagi yirik shahar Adanga ko‘chgandi. 2015 yilning 25 martida isyonchilar Adanning ham katta qismida nazoratni qo‘lga olgach, hukumat qo‘shni davlat Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga qochgandi.

2015 yilning 26 mart kuni Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya samolyoti Yaman hududiga bomba yog‘dirishni boshladi. Bu koalitsiya tarkibida Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Misr, Iordaniya, Marokash va Sudan harbiy samolyotlari bor.