Jahon | 18:45 / 05.01.2016
2960
2 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: 2016-2017 moliya yilida Bollivud daromadi 3 mlrd dollarga yetadi

2016-2017 moliya yilida Bollivud daromadi 3 mlrd dollarga yetadi. Bu haqda Hindiston Savdo-sanoat palatasi assotsiatsiyasi (ASSOCHAM) TASSga ma'lum qildi.

“O‘tkazilgan izlanishlar 2015 yil yakunlariga ko‘ra, 155 mlrd rupiy ($2,4 mlrd)ga yetgan Bollivud daromadi kelgusi moliyaviy yilda (2016-2017) 200 mlrd rupiy ($3 mlrd atrofida)gacha yetishi mumkin", - dedi ASSOCHAM bosh direktori D.S. Ravat.

Uning fikricha, Hindiston kinoindustriyasining jadallik bilan rivojlanishi qat'iy marketing siyosati va multiplekslar sonini oshirishga harakat evaziga ta'minlanmoqda. Natijada Bollivud 2015 yilda kassa yig‘imlari miqdori oshdi (115 mlrd rupiy, yoki $1,72 mlrd). Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, 2017 yilda mazkur ko‘rsatkich 142 mlrd rupiy ($2,13 mlrd)dan ortib, soha daromadining 74 foizini tashkil etadi. 15 foizlik daromad esa mahsulotlarni turli kanallar orqali translyatsiya qilish huquqining sotilishi evaziga qoplanadi.

Ekspert filmlar sifatini oshirish evaziga xorij bozorlaridagi daromad miqdori ko‘tarilayotganini ham qayd etib o‘tdi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin yillarda Bollivud kinolarini xorijda sotish evaziga 11-13 mlrd rupiy ($170-200 mln) foyda ko‘riladi.

Tahlilchilar ichki bozorda mintaqaviy kinofabrikalar faolligi ortayotganiga ham e'tibor qaratgan. Ayniqsa Hindiston janubidagi Tamilnad shtati poytaxti Chennaida tamil tilida suratga oladigan Kollivud, telugu tilida film suratga tushiradigan Andxra-Pradesh shtati ma'muriy markazi Haydaroboddagi Tollivud so‘nggi yillarda muvaffaqiyat qozonmoqda.

“Yaqin vaqtlarda ular ichki bozorda Bollivudni Hindiston kinosanoatidagi yetakchiligidan mahrum etishi mumkin. Ularning kassa yig‘imlari ayni paytda 43 foizni tashkil etmoqda”, - deya ogohlantirmoqda mutaxassislar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish