Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hasan Ruhoniy: Ar-Riyod munosabatlarni uzish orqali o‘z jinoyatini yashira olmaydi
Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning hisoblashicha Ar-Riyod diplomatik munosabatlarni uzish orqali o‘z jinoyatini yashira olmaydi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatdi.
"Saudiya Arabistoni shialar xatibi Nimr an-Nimrni qatl etib, siyosiy jinoyatga qo‘l urdi va endi o‘z jinoyatini diplomatik munosabatlarni uzish orqali yashirmoqchi bo‘ldi", deya Eron prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltiradi IRNA agentligi.
Ruhoniy bu gaplarini Tehronda bo‘lib turgan Daniya elchisi Kristian Jyensen bilan uchrashuv vaqtida aytib o‘tgan.
O‘tgan haftaning shanba kunida Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi 47 kishi, shu jumladan, shia targ‘ibotchisi Nimr an-Nimrning qatl etilgani haqida e'lon qilgan edi. Imomning qatl etilishi haqidagi xabar shia siyosiy va diniy arboblarini qattiq g‘azabga keltirdi va natijada ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Namoyishlar vaqtida Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga o‘t qo‘yildi.
Bu holat Ar-Riyod va Tehron o‘rtasida diplomatik munosabatlar batamom uzilishiga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, avval Bahrayn va Sudan Eron bilan aloqalarni to‘xtatdi. Keyinroq esa BAA va Kuvayt Tehrondagi elchilarini chaqirib oldi.