O‘zbekiston | 09:01 / 05.01.2016
8266
3 daqiqa o‘qiladi

“Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘zbekistondan gaz xarid qilish hajmi ko‘paytirilishini tasdiqladi

2016 yilning 1 yanvaridan boshlab “Gazprom” O‘zbekistondan gaz xarid qilish hajmini oshirgani haqidagi ma'lumot xolding boshqaruv kengashi rahbari Aleksey Miller tomonidan tasdiqlandi.

"Ha, tasdiqlayman. Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan muzokaralar natijasida kelishuvga erishdik. O‘zbekiston - bizning gaz sektoridagi umidli hamkorimiz va biz bu yilda O‘zbekistondan gaz xarid qilish hajmini oshiramiz. Biz o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan keyin ham rivojlantirishda davom etamiz", deydi u.

Bundan oldinroq, Rossiyadagi nashrlarda “Gazprom” O‘zbekistondan gaz xarid qilishni ko‘paytirishi ma'lum qilingandi.

Xabarlarda 2016 yilda O‘zbekistondan xarid qilinadigan gaz hajmi Turkmaniston 2015 yilda yetkazib bergan 3,1 mlrd kubometrdan ancha ko‘p bo‘lishi aytilgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida gaz qazib olish hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi va yiliga eng ko‘p gaz ishlab chiqaruvchi dunyo mamlakatlari o‘nligiga kiradi (yiliga 63-65 mlrd kubometr).

2002 yil tomonlar o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish va kengaytirish maqsadida «Gazprom» OAJ hamda «O‘zbekneftgaz» MXK (Milliy xolding kompaniyasi) gaz sohasida strategik hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra "Gazprom" 2003-2012 yillar mobaynida O‘zbekistondan gaz sotib olish va bu vaqt mobaynida O‘zbekiston hududida gaz qazib olish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishi belgilangandi.

2012 yil so‘nggida "Gazprom" O‘zbekiston bilan 2015 yilgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzdi. Kelishuvga ko‘ra, 2013 yilda 7,5 mlrd kubometr gaz (2012 yilda 8,7 mlrd kubometr edi) yetkazib berildi.

2006 yilda "Gazprom" O‘zbekistonning Ustyurt platosida yangi tabiiy gaz konlarini aniqlash bo‘yicha loyihada ishtirok eta boshladi. Kompaniya 2006-2013 yillar mobaynida hududdagi geologik qidiruv ishlariga 383,3 mln dollar mablag‘ sarfladi.

Eslatib o‘tamiz, «Turkmangaz» davlat konserni matbuot xizmati «Gazprom» 2016 yilda Turkmaniston gazini xarid qilishdan bosh tortgani haqida xabar bergandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish