Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Real"da Rafael Benites iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga Zidan tayinlandi
"Real" prezidenti Florentino Peres jamoa bosh murabbiyi Rafael Benites o‘z lavozimini tark etgani haqida rasman ma'lum qildi. Bu haqda jamoa saytida xabar berilgan.
Kutilganidek, uning o‘rniga madridliklar jamoasining o‘rinbosarlari bo‘lmish "Kastilya" jamoasida ishlab kelgan fransiyalik sobiq futbolchi Zinedin Zidan tayinlangan. Zidan mavsum so‘ngigacha jamoani boshqarib turishi aytilgan.
Ma'lumot uchun, Rafael Benites 2015 yilning yozida Karlo Anchelotti o‘rniga olib kelingandi. U "Real" bilan joriy mavsumning birinchi yarmida 18 turda 37 ochko to‘pladi va jamoa hozirda uchinchi o‘rinda qolmoqda.
Benites bilan 3 yillik shartnoma tuzilgandi. Unga shartnomaning bir tomonlama tuzilgani uchun qancha miqdorda tovon puli to‘lanishi haqida ma'lumot yo‘q.
3 yanvar kuni "Real" "Valensiya" maydonidan durang bilan qaytdi. Qolaversa, chempionatdagi asosiy raqiblar bilan uchrashuvlarda qoniqarsiz natijalar qayd etildi. "Barselona"ga qarshi "el klasiko" bahsida 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat, "Atletiko" bilan "Madrid derbisi"da esa 1:1 hisobidagi durang qayd etildi.
Ma'lumot uchun, Zinedin Zidan 2001 yildan 2006 yilgacha "Qirollik klubi" safida o‘ynagan va jamoa bilan Ispaniya chempionligi, YeChL kubogi va UYeFA Superkubogida g‘olib bo‘lgandi. U futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin "Real"da Florentino Peresning maslahatchisi bo‘lib ishlagan, 2012 yildan boshlab jamoa akademiyasida ish boshlagandi.
Manba: "Real" Benitesni ishdan bo‘shatish bo‘yicha qaror qabul qildi