Texnologiya | 22:13 / 06.01.2016
5773
2 daqiqa o‘qiladi

Dizayner Xenrik Fisker Aston Martin‘dan shantaj uchun 100 mln dollar tovon puli talab qilmoqda

Taniqli avtomobil dizayneri Xenrik Fisker Aston Martin kompaniyasini shantaj qilishda ayblab, 100 mln dollar tovon puli talab qilib uning ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda Business Insider nashri ma'lum qildi

Bunga ingliz brendining Fiskerga Detroytda bo‘lib o‘tadigan motor-shouda o‘zining Force 1 superkarini namoyish qilishi taqiqlagan maktubi sabab bo‘lgan. Aston Martin shuningdek dizaynerdan uning mashinasining tashqi qiyofasi “Agent 007: Spektr” filmidagi DB10 modeliga o‘xshash bo‘lmasligi uchun o‘zgartirish kiritishi haqida yozma kafolatlar talab qilgan, aks holda inglizlar sudga murojaat qilish bilan tahdid qilishgan.

Fisker’ning 745 ot kuchiga ega yangi superkarining xomaki suratlari internetda bir oy avval paydo bo‘lgan. Ko‘pchilik jurnalistlar uning Aston Martin DB10 avtomobili bilan o‘xshashligini qayd qilishgan. Kompaniya vakillari Fiskerga yozgan maktublarida aynan shu holatga e'tiborni qaratishgan. Aston Martin’da 2001-2004 yillar ishlagan Fisker kompaniyada ishlagan vaqtida bir nechta modellar dizayni, jumladan V8 Vantage va DB9 modellarining dizaynini yaratgan.