Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Shimoliy koreyaliklar vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilgani haqidagi xabarni bayram qilishdi
Yaponiyaning Kiodo axborot agentligida xabar qilinishicha, KXDR aholisi o‘z hukumati tomonidan mamlakat hududida vodorod bombasini muvaffaqiyatli ravishda sinovdan o‘tkazganini bayram qilgan.
"Men bu xabarni katta xursandchilik bilan kutib oldim", deya taassurotlarini bildirgan Pxenyan shahri aholisi vakillaridan biri. Yana bir pxenyanlikning aytishicha, "bu sinov orqali KXDR AQSh va boshqa mamlakatlarga qarshi tura olishini ko‘rsatib qo‘ygan".
Janubiy koreyslarning YTN telekanalida mamlakat aholisi bu yangilikni qizg‘in kutib olgani va ko‘chalardagi katta ekranlarda bu xabar e'lon qilingan vaqtda qarsaklar chalishgani haqida lavhalar berilgan.
Shuningdek, shimolliklardan biri mamlakat bunday sinov o‘tkazishga haqli ekani, bu "o‘zini o‘zi himoyalash" ekanini aytib o‘tgan.
6 yanvar kunining birinchi qismida Shimoliy Koreya hukumati vodorod bombasi sinovi muvaffaqiyatli o‘tgani haqida e'lon qildi.
Ushbu xabar e'lon qilinishi bilan Seul Milliy Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan sal vaqt oldin OAVlarda Pxungeri poligoni joylashgan tumanda yer osti silkinishlari kuzatilgani haqida xabar qilingan edi. Janubiy Koreya meteo-xizmati esa bu zilzila “texnogen xarakterga” egaligini aytgan. Seysmologlar ma'lumotiga ko‘ra, zilzila magnitudasi 4,2 ballni tashkil qilgan. Boshqa ma'lumotlarda bu ko‘rsatkich 5 balldan oshgani aytildi.
Shimoliy Koreya vodorod bombasini sinovdan o‘tkazishi munosabati bilan Janubiy Koreya mamlakat Qurolli kuchlari jangovor tayyorgarligini kuchaytirdi.
Shuningdek, mintaqadagi Yaponiya va Xitoy ham bu sinovlarni qattiq qoralab chiqdi. AQSh va Rossiya ham bu xabardan xavotirdaligini ma'lum qilgan.
Shimoliy Koreya 2005 yilda o‘zini yadro mamlakati deb e'lon qilgan edi. Respublikada shundan buyon to‘rt marotaba yadro qurollarini sinovdan o‘tkazdi.