Jahon | 08:28 / 06.01.2016
3346
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sohillarida topilgan cho‘kib halok bo‘lgan qochqinlar soni 34 nafarga yetdi

Turkiyaning Egey dengiziga tutash sohil qismida qirg‘oq mudofaasi xizmati xodimalari cho‘kib halok bo‘lgan 34 nafar qochqinning jasadini aniqlashgan. Bu haqda Hurriyet Daily News nashri xabar berdi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, Behili tumanidagi sohilda 24 kishining, Dikili tumani sohilida esa yana 10 kishining jasadi topilgan.

Hukumat vakillarining taxmin qilishicha, qochqinlar qayig‘i Gretsiyaga o‘tish vaqtida to‘fonga duch kelib, halokatga uchragan va keyinchalik jasadlar qirg‘oqqa chiqib qolgan.

Ayni vaqtda qidiruv ishlari olib borilmoqda, qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Bundan oldinroq, Turkiya sohillaridan cho‘kib halok bo‘lgan o‘nlab qochqinlarning jasadlari topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.