Fan-texnika | 19:21 / 06.01.2016
6323
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen XXI asr Microbus`ini namoyish qildi

Volkswagen kompaniyasi Las-Vegasdagi CES elektronika ko‘rgazmasida o‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqarilgan Microbus`ning yangi namunasini taqdim etdi.

Prototip asosida elekrokarlar va zaryadlanuvchi gibridlar uchun maxsus ishlab chiqilgan yangi MEB modul arxitekturasi yotadi. Budd-e kontseptkarining uzunligi 4597, kengligi 1940, balandligi 3151 millimetrni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasining hajmi 3151 millimetrga teng.

Avtomobil yorug‘lik diodli asosiy chiroq, 21 dyuymli alyumin g‘ildirak diski va tom qismida quyosh batareyasiga ega bo‘ldi.

Avtomobil vazifalari ulkan sensorli displey, shuningdek, imo-ishoralar orqali boshqariladi. Bundan tashqari, prototipga ovozli buyruqlarni payqaydigan takomillashtirilgan tizim o‘rnatilgan bo‘lib, “Hello Budd-e” jumlasi bilan faollashadi. Uning yordamida, masalan, ovozli buyruq bilan mashinani bir oz isitish mumkin.

Volkswagen Budd-e 101 kilovatt-soat sig‘imli akkumulyator jamlanmasi, old va orqa o‘qni harakatlantirish uchun 135 va 170 ot kuchiga ega ikkita elektromotor bilan ta'minlangan. Soatiga 96 kilometr tezlikka chiqishi uchun 6,9 soniya talab etiladi. Eng yuqori tezlik esa soatiga 180 kilometrni tashkil etadi. Bir martalik quvvat bilan 533 kilometr masofani bosib o‘tadi. 80 foizlik quvvatni olish uchun esa 30 daqiqa talab etiladi.

Autocar nashri ma'lumotiga ko‘ra, Budd-e 2018 yilda ishlab chiqariladigan seriyali elektr kompaktvenining o‘rinbosari hisoblanadi.