O‘zbekiston | 19:11 / 07.01.2016
4543
5 daqiqa o‘qiladi

2 ming quti “Parliament” sigaretlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi

“Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Rossiya Federatsiyasidan kirib kelgan yo‘lovchi poyezdini bojxona nazoratidan o‘tkazish chog‘ida fuqaro B.Alimov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan 2 ming quti “Parliament” sigaretlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati Kun.uz saytiga xabar qildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan va O‘zbekiston aksiz markalari bilan markalanmagan ushbu tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati salkam 29 mln. so‘mni tashkil qilar ekan. Qonunbuzar bu bilan kifoyalanmasdan, qiymati 21 mln. so‘mlik 37 turdagi parfyumeriya mahsulotlari va boshqa tovar-moddiy boyliklarni ham noqonuniy tarzda olib kirishga uringan paytda fosh qilindi.

Shuningdek, boshqarma xodimlari tomonidan fuqaro Sh.Xolboyevning qing‘ir qilmishlariga nuqta qo‘yildi. Ushbu shaxs noqonuniy ravishda olib kirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan markalanmagan qiymati 11,5 mln so‘mlik 880 quti “Parliament” va “Parliament carat” nomli tamaki maxsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni taqdim qila olmadi.

Bojxona xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar N.Nuraliyeva hamda M.Eshchonovalar amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganida, ularning yonida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 4 turdagi 270 quti tamaki mahsulotlari borligi fosh qilindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, o‘tgan 2015 yil davomida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda salkam 600 ta bojxona qoidabuzlarliklari fosh qilinib, qiymati 10 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Ma'lumot uchun, respublikamizda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish, saqlash, tashish va sotish ustidan samarali davlat nazorati o‘rnatilgan bo‘lib, bu mazkur turdagi tovarlarning yashirin tarzda ishlab chiqarilishi yoxud respublikamiz hududiga olib kirilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda, 1996 yilning 1 oktabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kelinayotgan tamaki mahsulotlarini belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan majburiy markalash tartibi joriy etilgan. Mazkur tartiblarga rioya qilmasdan tamaki mahsulotlarini yurtimizga olib kirish, aksiz markalarini yopishtirmagan holda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotish ta'qiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 13 martda 412-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan aksiz solig‘i solinmay olib kiriladigan tovarlarning miqdoriy cheklangan normalari”ga muvofiq, jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining tegishli bandida qayd etgan holda, 10 qutigacha tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasidan erkin olib o‘tishlariga ruxsat etiladi.

Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, aksiz markasiz yohud boshqa davlatlarning aksiz yorlig‘iga ega bo‘lgan tamaki mahsulotlarining olib kirilishining oldini olish bojxona organlari zimmasiga yuklangan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi fuqarolarga bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan 120-76-76 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatadi. Murojaatlar anonimligi kafolatlanadi.