Sport | 16:11 / 07.01.2016
10709
2 daqiqa o‘qiladi

"Sport" telekanalida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo chempionati uchrashuvlari translyatsiya qilinadi

“Sport” telekanali futbol bo‘yicha U-23 Osiyo chempionati uchrashuvlarini translyatsiya qiladi.

"Chempionat uchrashuvlaridan jonli va yozib olingan translyatsiyalar uyushtirilishi haqida telekanalning haftalik ko‘rsatuvlar dasturi orqali bilish mumkin.

12 yanvar kuni boshlanadigan turnirning kamida ikkita uchrashuvini jonli efirda, boshqa o‘yinlarini esa yozib olingan holda namoyish etish rejalashtirilgan. Ba'zi uchrashuvlar, xususan, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar takroran namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati final bosqichi “C” guruhida Janubiy Koreya, Iroq hamda Yaman U23 terma jamoalariga qarshi uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston U23 terma jamoasi Osiyo chempionati bahslarini 13 yanvar kuni Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘yin orqali boshlaydi. Guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yin 16 yanvar kuni Iroq olimpiya terma jamoasiga qarshi, 3 turda esa Yamanga qarshi o‘yinlar o‘tkazilishi belgilangan.

O‘tgan oyda terma jamoa murabbiyi Samvel Babayan mazkur OChda ishtirok etadigan O‘zbekiston olimpiya termasining tarkibi e'lon qilingandi. Terma jamoa musobaqa arafasida so‘nggi yig‘inni o‘tkazish uchun Dubayga jo‘nab ketgan.

Yig‘indagi birinchi uchrashuvda Xitoydan mag‘lub bo‘lingan, Iordaniya esa mag‘lubiyatga uchratilgan.

Ta'kidlash joiz, Ushbu Osiyo chempionati Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi turnir hisoblanib, Osiyo chempionatida dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.