Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakkakurash jangchisi Shon Jordan Fyodor Yemelyanenko bilan jang qilmoqchi ekanligini ma'lum qildi
“Yovvoyi” laqabli amerikalik aralash yakkakurash (MMA) jangchisi Shon Jordan ikki yillik tanaffusdan keyin yana ringga qaytgan rossiyalik jangchi Fyodor Yemelyanenko bilan jang qilmoqchi ekanligini ma'lum qildi.
Jordan o‘z instagramida “Fyodor aprelda jang o‘tkazmoqchi ekanligini eshitdim. Skott Koker, og‘ir vaznlilarning haqiqiy jangi uchun vaqt keldi”, deb yozdi.
Jordan o‘z xabarida nomini olgan Skott Koker MMA musobaqalarini o‘tkazuvchi Bellator tashkiloti prezidenti hisoblanadi. 31 yoshli Jordan avval Ultimate Fighting Championship tomonidan uyushtiriladigan janglarda qatnashgan, biroq uning bu tashkilot bilan shartnomasi yakunlandi. Jangchining statistikasi uncha ham qoyilmaqom emas: 25 ta jangdan 18 ta g‘alaba (14 tasi nokaut bilan) va 7 ta mag‘lubiyat (4 tasi nokaut bilan). Jangchi oxirgi jangini 2015 yilning oktabrida Xyustonda (AQSh) rossiyalik jangchi Ruslan Magomedovga qarshi o‘tkazgan va hakamlar qarori bilan yutqazgan.
“Oxirgi imperator” laqabli Fyodor Yemelyanenko 2015 yil 31 dekabrda o‘z faoliyatini ikki yillik tanaffusdan keyin yana boshladi. U Yaponiyaning Rizin FF tashkiloti tomonidan uyushtirilgan musobaqada hind milatiga mansub Jaydip Singxni jangning 4-daqiqasidayoq nokaut bilan mag‘lub etdi.
Yemelyanenko aralash yakkakurashda 2000 yildan beri ishtirok etib keladi va 40 ta jang o‘tkazib, 35 ta g‘alabaga erishgan, 4 ta mag‘lubiyatga uchragan, bitta jangi bo‘lib o‘tmagan deb topilgan. Fyodor og‘ir vazn bo‘yicha MMA’ning “Pride FC” versiyasi bo‘yicha 4 karra jahon chempioni, “RINGS” va “WAMMA” versiyalari bo‘yicha 2 karra jahon chempioni hisoblanadi.