Sport | 09:20 / 08.01.2016
7718
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA "Oltin to‘p" topshirish marosimi vaqtida "Prezident mukofoti" berishni bekor qildi

FIFA 2015 yilning eng yaxshi futbolchisiga "Oltin to‘p" topshirish marosimi vaqtida "Prezident mukofoti"ni bermaydi. Bu haqda AR xabar qilgan.

FIFA tomonidan ma'lum qilinishicha, bu tashkilotdagi o‘tish davri bilan bog‘liq va keyingi yilda bu mukofot yana tiklanadi.

"Prezident mukofoti" ilk marta 2001 yilda FIFA rahbari Yozef Blatter tomonidan joriy qilingan bo‘lib, shu vaqtgacha bunday mukofot tashkilotdagilarning fikricha dunyo futboli rivojiga sezilarli darajada hissa qo‘shgani qayd etilgan shaxslarga topshirib kelinardi.

FIFA Axloq qo‘mitasi 21 dekabr kuni tashkilot prezidenti Yozef Blatter hamda UYeFA rahbari Mishel Platinini 8 yilga futbol faoliyatidan chetlashtirdi.

Ayni vaqtda tashkilot prezidenti vazifasini Afrika Futbol konfederatsiyasi rahbari, kamerunlik Issa Hayatu bajarib turibdi. U 11 yanvar kuni o‘tkaziladigan taqdirlash marosimida chiqish qiladi va g‘oliblarga mukofotlarni topshiradi.

Bu safargi g‘oliblik uchun asosiy 3 nafar nomzod "Barselona" vakillari Messi va Neymar hamda "Real" hujumchisi Krishtianu Ronaldu hisoblanadi.

Shuningdek, marosimda yilning eng yaxshi ayol futbolchisi, ayollar futbolidagi yil murabbiyi, yilning eng chiroyli goli muallifi (Ferents Pushkash nomidagi mukofot), "Feyr-pley" mukofoti" (Halol o‘yin uchun) kabi mukofotlar topshirilib, 2015 yilning ramziy terma jamoasi e'lon qilinadi.