Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HRW: Efiopiyadagi norozilik namoyishlari tufayli halok bo‘lganlar soni 140 nafarga yetgan
Efiopiyaning Oromiya viloyatida o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan namoyishlar jarayonida halok bo‘lganlar soni bugungi kunga kelib kamida 140 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti Human Rights Watch (HRW) ma'lumotida keltirilgan.
"Politsiya va boshqa xizmatlar xodimlari kamida 140 nafar namoyishchini o‘ldirgan va undan ko‘proq odamni jarohatlagan. Bu Efiopiyada 2005 yilgi saylovlar chog‘ida yuz bergan g‘alayonlardan keyingi eng yirik inqiroz bo‘lishi mumkin", — deyiladi tashkilot saytida joylashtirilgan bayonotda.
Frans Press agentligi ma'lumotida yozilishicha, Efiopiya hukumati huquq himoyachilarining mazkur bayonotiga izoh bermagan. Rasmiylar besh kishi nobud bo‘lganini tan olgan, xolos.
Bundan oldinroq mamlakat poytaxti Addis-Abeba shahridan 80 km masofadagi Ginchi shahrida hukumat rasmiylari tomonidan o‘rmonlar kesilishi e'lon qilingach namoyishlar boshlangandi. Keyinchalik bu namoyishlar butun Oromiya viloyati bo‘ylab tarqaldi.