Jahon | 23:16 / 08.01.2016
5591
2 daqiqa o‘qiladi

Putin dzyudo bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Etsio Gambaga Rossiya fuqaroligini berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin dzyudo bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi, italiyalik dzyudochi, 1980 yilgi Olimpiya chempioni Etsio Gambaga Rossiya fuqaroligini berish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda 8 yanvarda Kreml matbuot xizmati ma'lum qildi.

Putin farmonni dzyudo bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazgandan keyin imzoladi. Mashg‘ulot oldidan Gamba Putinga otish uslublarini egallashda yordam berdi.

2015 yil mart oyida Gambaga “Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy” faxrli unvoni berilgan, 2013 yilda esa “Rossiya sportining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” Rossiyaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Etsio Gamba 1958 yil 2 dekabrda Shimoliy Italiyadagi Breshia shahrida dunyoga kelgan. 9 yoshidan dzyudo bilan shug‘ullanishni boshlagan. Gamba 1976 yildan 1988 yilgacha 4 ta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. Italiya terma jamoasiga murabbiylik qilgan. 2008 yil 12 noyabrda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. 2012 yil London Olimpiadasida Gamba boshchiligidagi Rossiya terma jamoasi o‘z tarixida birinchi oltin medallarni qo‘lga kiritgan.