Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarshilik 1,6 ming nafar sportchi qizga Prezidentimiz sovg‘asi – sport kiyimlari topshirildi
Qarshi shahridagi umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olayotgan 1 ming 594 nafar sportchi qizga O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Prezidentimiz sovg‘asi – sport kiyimlari topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qarshi olimpiya zaxiralari kollejida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qizlarni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan alohida e'tibor yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2003-2015 yillarda Qashqadaryo viloyatida 190 zamonaviy sport inshooti barpo etilib, zarur sport jihozlari bilan ta'minlandi.
Yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar samarasida viloyatda muntazam sport bilan shug‘ullanuvchi qizlar soni ko‘paymoqda. Jumladan, 2011 yilda sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi 6-18 yoshli qizlar 34,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 53,6 foizga yetdi.

– Qizlar o‘rtasida ayniqsa badiiy gimnastika tez ommalashmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati filiali direktori Sirojiddin Azizov. – Sportning mazkur turi bilan bugungi kunda 4 ming 500 ga yaqin qiz muntazam shug‘ullanmoqda. Viloyatdagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘quvchilari Luiza G‘aniyeva, Azizaxon Mirzayeva, Shohsanam Normo‘minova, Mubina Kamolova, Dilmira Ashurova, Sevinchbonu Omonova, Mohinur Eshpo‘latova kabilar mamlakatimiz milliy terma jamoasi tarkibida ko‘plab xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
Bunday tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilib, 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 16 mingga yaqin sportchi qizga Prezident sovg‘alari topshirildi.

