Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonda o‘zbek do‘ppilari haqida maqola e'lon qilindi
Qirg‘izistondagi «AKIpress» axborot agentligining elektron portali sahifalarida «Markaziy Osiyo hayoti: o‘zbek do‘ppilarining sirlari» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi xabar bergan.
Ushbu maqolada milliy bosh kiyimimizning tarixi va uning kiyilishidagi zamonaviy usullar xususidagi batafsil ma'lumotlar o‘z ifodasini topgan.

Maqola davomida mazkur milliy bosh kiyimining turli ko‘rinishlari xususida so‘z yuritiladi.
“Har bir viloyat, jumladan, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo va Surxondaryoning o‘ziga xos ko‘rinishdagi do‘ppilari mavjuddir. Bundan tashqari, ular bayramona, diniy va doimiy kiyiladigan turlarga ega. Do‘ppilar yumshoq yoki qattiq matolardan tikiladi, kashta yoki mayda munchoqlar bilan bezatiladi hamda aylana yoki to‘rtburchak shaklda bo‘ladi”, - deb yozadi “AKIpress”.

Shuningdek, maqolada do‘ppilarning bezagi, naqshlari, ularning ma'nolari, gulli tasvirlari orasida atirgul, gulsafsar, chinnigul, lola, gultojixo‘roz, olma guli va boshqalar qo‘llanilishi va mevalar orasida esa anor, olcha, gilos, bodom, garmdori va boshqalar o‘z aksini topishi haqida yozilgan.
Mazkur bosh kiyimi tarixini o‘rganish va uning turli ko‘rinishlaridan bahramand bo‘lish istagida bo‘lgan O‘zbekiston mehmonlari ular bilan Davlat xalq amaliy san'ati va tarixi muzeyida tanishish imkoniga ega”, deya maqolaga yakun yasaydi Qirg‘iziston axborot agentligi.