Sport | 16:34 / 08.01.2016
5006
2 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: Olimpiya terma jamoasining vazifasi Rio yo‘llanmasini qo‘lga kiritish

O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan "InterFutbol" nashriga Qatarda boshlanish arafasidagi 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati arafasida intervyu berdi.

U Odil Hamrobekov va Bobur Yo‘ldoshev sog‘­liqdagi muammolar tufayli safdan chiqqanini ma'lum qilgan.

Babayan tarkibdagi yo‘qotishlarga qaramasdan, terma jamoa Rio-de Janeyroda bo‘lib o‘tadigan olimpiada uchun yo‘llanma qo‘lga kiritish maqsad qilinganini alohida ta'kidlagan.

"Oldimizga qo‘­yilgan asosiy vazifa Rioga yo‘llanma olish. Buning uchun har bir o‘yinga xuddi finalga tayyorlangandek taraddud ko‘rishimiz, so‘nggi daqiqalargacha hushyorlikni susaytirmasligimiz talab etiladi. Ishonch bilan aytamanki, biz bunga hozirning o‘zidayoq tayyormiz. Yaxshi bilasiz, o‘tgan gal vakillarimiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga juda-juda yaqin kelishgandi, ammo... Biz esa o‘sha xatoni takrorlamaslikka, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishga harakat qilamiz", deydi u.

"Shunday muhim turnirga atigi bir oy mobaynida tayyorgarlik ko‘rilgani shubhalarga sabab bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri aytdingiz, bu muddat kamdek tuyulishi mumkin. Lekin shaxsan men tarkibdagi deyarli barcha futbolchilarning nimaga qodir ekanliklarini yaxshi bilaman. Qolaversa, ularning aksariyati «Paxtakor» futbol maktabida, boshqacha aytsak, ko‘z o‘ngimda ulg‘ayishgan. Ba'zi yigitlar bilan esa milliy terma jamoadagi mashg‘ulotlar davomida tanishib, bir-birimizga moslashib olganmiz. Ayrim o‘yinchilarni milliy chempionatdagi ishtiroklari orqali yaxshi bilaman. Shunday ekan, bu muddatni kam demasdim", degan murabbiy savollardan biriga javoban.