Jamiyat | 21:30 / 08.01.2016
12344
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylar orasida yuqori tezlik soatiga 30 kilometr qilib belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan imzolangan qarorga asosan mamlakatimizda 2016 yilning 1 martdan boshlab bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan yangi tahrirdagi "Yo‘l harakati qoidalari" amalga kiritiladi.

"2016 yilning 1 martidan kuchga kiradigan yangi tahrirdagi "Yo‘l harakati qoidalari"da alohida e'tibor qaratilgan yana bir narsa bu tezlikdir.

Bilasiz, transport vositalari soni kundan-kunga ortib bormoqda. Transportlar sonining ortishi tirbandliklar hosil bo‘lishiga sabab bo‘layapti. Ma'lumki, belgilangan tezlik talablari buzilsa, u og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin. Agar ma'lum hududlarda tahlillarga asoslangan holda tezlikni oshirilsa transportlarning yonilg‘i sarfi, yo‘lda yurishga ketadigan vaqt tejalishi, atrof-muhit ifloslanishining oldi olinishi mumkin. Masalaning mana shu tomonlarini hamda tegishli mutaxassislarning mulohazalarini inobatga olgan holda turar joy dahalarida transport harakatini tartibga solib, ko‘p qavatli uylar orasida aholi xavfsizligini ta'minlash uchun yuqori tezlikni soatiga 30 kilometr qilib belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, xuddi shu band bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga DYHXX bilan kelishgan holda, agar yo‘lning holati tezlikni oshirish imkoniyatini bersa, ayrim joylarda yoki ayrim yo‘l bo‘laklarida, ayrim transport vositalariga belgilangan tezlikni oshirish uchun ruxsat berish vakolati yuklatildi", deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi boshlig‘i Xolmatjon Saydaliyev darakchi.uz saytiga.