Jahon | 08:40 / 08.01.2016
4094
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya dengiz va havo yo‘llari orqali kirib keluvchi suriyaliklardan viza talab qiladi

Endilikda Suriya fuqarolari Turkiya hududiga dengiz yoki havo yo‘llari orqali kirish uchun vizaga ega bo‘lishlari kerak bo‘ladi. Bu haqda Turkiya TIV matbuot kotibi Tanju Bilgich ma'lum qilgan. Uning aytishicha, bu haqdagi qaror 2015 yilning dekabrida qabul qilingan va bugundan kuchga kiradi.

"8 yanvar kunidan e'tiboran Turkiya hududiga havo va dengizdagi chegaralar orqali kirmoqchi bo‘lgan suriyaliklar albatta vizaga ega bo‘lishlari talab etiladi. Ammo quruqlikdagi chegaralarda "ochiq eshiklar" siyosati yuritilishi davom etadi", deydi u.

Uning aytishicha, bunday yangi tartibning kiritilishiga noqonuniy migratsiya bilan kurashish zarurati sabab bo‘ldi.

Turkiyadagi nashrlarda yozilishicha, yangi tartib Suriyadan kirib keluvchilar oqimini nazorat qilish imkonini beradi. Bungacha Misr va Liviyadan kirib keluvchilar uchun ham shunday tartib joriy qilingandi. Turkiya Suriya Arab respublikasi fuqarolari uchun chegaralarini ochib qo‘ygach, ko‘pchilik bu mamlakat hududidan noqonuniy yo‘l orqali Yevropaga o‘tishda foydalana boshladi.

Turkiya va Suriya o‘rtasida 2009 yilda vizasiz rejim joriy qilingandi. Suriyada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Turkiya hududiga 2 milliondan ortiq suriyaliklar kirib kelgan. Ulardan 250 ming nafardan ortig‘i Turkiya hukumati tomonidan maxsus tashkil etilgan qochqinlar lagerlarida yashamoqda. Qolganlar esa katta shaharlar atroflarida joylashib olishgan. Anqara shu vaqtgacha suriyalik qochqinlar uchun 8 milliard dollar mablag‘ sarflaganini ma'lum qilgan.

Suriya va Turkiya o‘rtasidagi vizasiz rejim tugatildi