Sport | 20:47 / 08.01.2016
8206
2 daqiqa o‘qiladi

Yaya Ture: Obameyang Afrikaning yil o‘yinchisi bo‘lishi Afrika uchun sharmandalikdir

Kot-d′Ivuar termasi va «Manchester Siti» jamoasi hujumchisi Yaya Ture Afrika qit'asining eng yaxshilarini taqdirlash marosimidan keyin qattiq ranjiganini yashirib o‘tirmadi.

U bu sovrin "Borussiya"ning 26 yoshli gabonlik futbolchisi Per-Emerik Obameyangga topshirilganini adolatsiz deb hisoblamoqda.

32 yoshli futbolchi o‘zining terma jamoa bilan Afrika Kubogi o‘yinlarida g‘alaba qilganini eslatib, bu hisobga olinmaganiga ishora qilgan.

"Men juda ham xafaman. Noroziligimning sababi shundaki, Afrika o‘z mukofotini Afrikadagi o‘yinlar uchun emas, qit'adan tashqaridagi, qit'a uchun ahamiyatsiz o‘yinlar uchun berdi. Ovoz beruvchilar uchun bu haqiqiy sharmandalikdir. Biz afrikaliklarmiz, lekin biz Afrika biz uchun birinchi darajada emasligini ko‘rsatib qo‘ydik. Bu juda qayg‘uli", deydi u RFI radiosi orqali.

"Taqqoslab ko‘raylik. Messi 2014 yilda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Lekin "Oltin to‘p"ni terma jamoasi bilan Yevropada muvaffaqiyatli o‘yinlar ko‘rsatgan Ronaldu oldi. Afrikaga bu o‘rnak bo‘lishi kerak.

Men Yevropaga qaytganimda taqdimot haqida savollar berishadi. Men bunday savollarga ro‘y-rost javob beraman", deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Yaya Ture 2015 yilda Kot-d′Ivuar terma jamoasi bilan Afrika Kubogi uchun turnir finalida Gana terma jamoasini yengib, chempion bo‘lgandi. Obameyang esa o‘z terma jamoasi Gabon bilan birinchi bosqichdayoq turnirni tark etgandi.

Afrika futbolining 2015 yildagi eng yaxshilari nomi e'lon qilindi