Texnologiya | 18:16 / 09.01.2016
7522
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik jarrohlar virtual reallik shlemi yordamida go‘dakning yuragini operatsiya qilishdi

Nicklaus Children’s Hospital tibbiy dargohining jarroh-pediatrlari go‘dakning yuragini muvaffaqiyat bilan jarrohlik amaliyotidan o‘tkazishdi. Bunda ular jarrohlik amaliyotidan o‘tkaziladigan organlarning aniq 3D-modellari asosida, kartondan yasalgan Google Cardboard virtual reallik ko‘zoynaklari yordamida ishladilar, deb yozadi Quartz.

2015 yili Minessotada yashovchi oilada egiz qizaloqlar Rayli va Tigan tug‘ildi. Ikkinchisida tug‘ma ravishda bitta o‘pka bor edi, yuragi esa ancha kichkina bo‘lib, joyidan siljigan edi. Mahalliy shifokorlar Tiganning xastaligini bedavo deb hisoblab, to‘rt oylik bolaga alohida g‘amxo‘rlik qilishni maslahat berishdi, xolos.

Ammo Mayamidagi Nicklaus Children’s Hospital klinikasi doktorlari operatsiya o‘tkazishni o‘z zimmalariga oldi. Ammo, shifokor Redmond Burkening so‘zlariga qaraganda, magnit-rezonans tomografiyasi yordamida olingan ikki o‘lchovli suratlar juda sifatsiz bo‘lib, operatsiyani o‘tkazishga yo‘l qo‘ymagan.

Shunda MRT bo‘limi rahbari Xuan-Karlos Munits ikki o‘lchamli suratlardan 3D-tasvirlar hosil qilib, ularni smartfonga yukladi. Burke smartfonni virtual reallik ko‘zoynagiga o‘rnatib, bolaning ichki organlari tuzilishi bilan batafsil tanishib chiqdi.

Oradan ikki hafta o‘tib, operatsiya boshlandi. 7 soat davom etgan operatsiya dekabr oyining oxirida o‘tkazildi. Amaliyot muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Shundan so‘ng shifokorlar qizaloqning ota-onasi bilan birgalikda matbuot anjumani uyushtirdi.