Sport | 06:24 / 09.01.2016
2238
2 daqiqa o‘qiladi

Denis Istomin Avstraliya ochiq chempionatida ishtirok etadi

O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin 2016 yilning 18-31 yanvar kunlari Avstraliyaning Melburn shahrida o‘tkaziladigan “Ulkan toj” turkumiga kiruvchi dunyodagi to‘rtta eng yirik musobaqalardan biri Avstraliya ochiq chempionatida ishtirok etadi.

Dunyoning yetakchi tennischilari ishtirokida o‘tkaziladigan mazkur musobaqada hamyurtimiz hozircha yakkalik bahslarida ro‘yxatdan o‘tgan.

Agarda Denisning so‘nggi ikki yilda Avstraliya ochiq chempionatining yakkalik bahslaridagi ishtirokiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2014 yili bo‘lib o‘tgan musobaqada dastlab Kipr vakili Markos Bagdatisni 6-4, 7-5, 6-4 hisobida, ikkinchi davrada esa rossiyalik Dmitriy Tursunovni 7-6, 4-6, 6-1, 6-4 hisobida mag‘lub etgan hamyurtimiz, uchinchi bosqichda dunyoning birinchi raqamli raketka ustasi Novak Jokovich (Serbiya)ga 3-6, 3-6, 5-7 hisobida imkoniyatni boy bergan. 2015 yilgi musobaqada Denis birinchi davradayoq italiyalik Andreas Seppiga 7-5, 3-6, 6-2, 1-6, 4-6 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.

Avstraliya ochiq chempionatiga qadar 11-17 yanvar kunlari Oklend (Yangi Zelandiya) va Sidney (Avstraliya) shaharlarida xalqaro turnirlar o‘tkaziladi. Hozircha Denis ushbu turnirlarga ro‘yxatdan o‘tgan sportchilar tarkibida qayd etilmagan.

Manba: olympic.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish