Jamiyat | 08:14 / 09.01.2016
5107
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zini Jon Kennedi va Merilin Monroning o‘g‘li deb aytgan erkak Obamaning itini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘ldi

AQSh politsiyasi Oq uydan AQSh prezidenti Barak Obamaning portugal suv iti zotiga mansub ikkita itidan birini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lganini tan olgan, tish-tirnog‘igacha qurollangan 49 yoshli erkakni ushlab oldi.

Skott Stokert ismli erkak maxsus xizmatlar agentlari tomonidan ushlangan. Gumonlanuvchi ushlanishi paytida uning avtomobili o‘rindig‘i tagidan sochma o‘q otuvchi miltiq, miltiq, o‘qlar, politsiyachilar to‘qmog‘i va machete topilgan.

Maxsus xizmatlar xodimlarining aytishicha, ular bunday vaziyatga birinchi bor duch kelishgan. Stokertning ta'kidlashicha, uning asl ismi “Iso Masih” bo‘lgan. Erkak politsiyachilar bunga ishonch hosil qilishlari uchun uning haydovchilik guvohnomasiga qarashlari mumkinligini aytgan. Erkak o‘zining “Iso Masih” ekanligini isbotlash bilan birga o‘zini 1963 yilda o‘ldirilgan AQShning sobiq prezidenti Jon Kennedi va uning ma'shuqasi – kinoaktrisa Merilin Monroning o‘g‘li deb aytgan.

Barcha bu “alahsirashlardan” keyin erkak o‘zini qo‘yib yuborishlarini, chunki uning rejasida hali Kapitoliy binosiga kirib, o‘zini prezident lavozimiga nomzodini qo‘yishini e'lon qilish kerakligini aytgan.

The Washington Post gazetasining ma'lum qilishicha, erkak Vashingtondagi mehmonxonalardan biriga kelgandan beri agentlar kuzatuvida bo‘lgan. Biroq maxsus xizmatlarga Stokert faqatgina Bo yoki Sanni laqabli “AQShning birinchi itlaridan” birini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani ma'lum bo‘lgan.

Ayni paytda erkak qo‘yib yuborilgan. Bunday qaror dastlabki sud jarayonida qabul qilindi. Keyingi sud jarayonlari sanasi hozircha belgilanmagan. Erkak maxsus xizmatlar kuzatuvi ostida bo‘ladi va ehtimol sud unga ruhiy muammolarga egaligi sababli davolash kursini belgilashi mumkin.