Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya TIV 89 davlatga nisbatan viza tartibi joriy etilishi haqidagi xabarlarni inkor qildi
Turkiya TIV 89 davlatga nisbatan viza tartibining joriy etilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni inkor qildi. Bu boradagi bayonot idoraning rasmiy saytida chop etildi.
“O‘lkamizning 89 davlatga 1 iyundan e'tiboran viza joriy etishi haqida matbuotda yer olgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, - deb ta'kidlanadi bayonotda.
Ayni paytda vazirlik bunday tartib joriy etilishi mumkinligini butunlay inkor qilmay, kelajakda hal qilinadigan vazifalardan biri ekanligini ko‘rsatib o‘tgan.
“Fuqarolarimizga Shengen vizasidan foydalanish imkoniyati berilishi uchun YeI bilan muzokaralar davom etmoqda, - deyiladi xabarnomada. – Davlatimizning uchinchi o‘lkalarga doir viza siyosati YeI bilan muvofiqlashtirilishi tashkilotga to‘laqonli a'zo sifatida qo‘shilganimizdan so‘ng hal qilinishi lozim bo‘lgan majburiyatdir”.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun muqaddam Turkiya Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan viza tartibini yengillashtirish evaziga YeIga a'zo bo‘lmagan boshqa ko‘plab davlatlar bilan viza tartibi asosida kirib-chiqish siyosati olib borishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunday davlatlar sirasida, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qirg‘iziston tilga olingan edi. Ammo ushbu axborot tasdiqlanmadi.
“Shu tariqa, hozirgi bosqichda o‘lkamiz 1 iyundan e'tiboran YeI bilan viza tartibidagi davlatlarga nisbatan vizalar joriy etishiga doir xabarlar to‘g‘ri emas”, - xulosa qiladi TIV matbuot xizmati.
2007 yilning 1 avgustida Turkiya bir tomonlama tartibda turistik maqsadlarda 30 kungacha muddatda Turkiyada bo‘ladigan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza majburiyatini bekor qilgan edi.