Jamiyat | 21:41 / 11.01.2016
12571
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda qidiruvdagi jinoyatchi politsiyaga o‘zining chiroyli selfisini yubordi

Layma shahri (Ogayo shtati) politsiyasi qidiruvda bo‘lgan shaxsdan magshot – bir muddat oldin politsiyada olingan surati o‘rniga o‘zining selfisini yubordi. 45 yoshli Donald “Chip” Pyu politsiyaga “bu surat, anavi dahshatilisiga qaraganda yaxshiroq” so‘zlari bilan selfini yubordi.

“Bu surat janob Pyuning o‘zi tomonidan yuborilgan. Biz unga yordami uchun rahmat aytamiz, biroq unga qo‘yilgan ayblovlar haqida gaplashib olish uchun politsiya uchastkasiga kelsa, minnatdor bo‘lar edik”, - deyiladi politsiyaning feysbukdagi sahifasida.

Pyuning intilishlariga qaramay, politsiyachilar nafaqat selfi, balki jinoyatchining ikkita boshqa surati, xususan unga yoqmagan ikkinchisini ham omma e'tiboriga taqdim etgan. Mazkur suratga erkak tabassum qilgan holda tushgan. U sudga kelmaganlikda ayblanmoqda.

Bundan tashqari, Pyu boshqa bir qator nojo‘ya harakatlar - yoqib yuborish va vandalizm kabi jinoyatlarda ayblanadi. Qidiruvda bo‘lgan erkak 104.9 The Eagle radiostansiyasiga bergan intervyusida o‘z harakatini quyidagicha izohlagan: “Jin ursin, ular ustimdan kulishmoqda. Ular qo‘shiqchi Jyeyms Braunning qidiruvda bo‘lgan vaqtidagiga o‘xshab tushgan suratimni qo‘yishibdi. Men bunga chidolmayman”.

Bundan tashqari, Pyu magshotda nima uchun kulib tushganini gapirib bergan. Uning so‘zlariga qaraganda, o‘sha vaqtda bu uning ilk marotaba qo‘lga olinishi edi.

“Ofitserlar mendan so‘rashdi: “Nima uchun kulyapsan?” Men javob berdim: “Chunki bir daqiqadan so‘ng qamoqxonadan chiqib ketmoqchiman. Shu darajada baxtiyormanki”. Shuning uchun tinch ko‘rinishda suratga tushishni inkor etdim”.

Qochoqdan uning keyingi rejalari to‘g‘risida so‘ralganida, u o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashgan: “Kichkina bolakay bo‘lgan vaqtimda buvim uxlashdan oldin ertak aytib berar edi. “Yugur, iloji boricha tezroq yugur. Sen meni tuta olmaysan” deya takrorlaydigan personaj mening qahramonim edi. U surat tufayli o‘z shahrining qahramoniga aylanganini aytgan.

“Men buni ahmoq do‘stlarim uchun amalga oshirdim” – dedi Pyu. Uning intervyusi radiostansiya efiridagi “Kun ahmog‘i” eshittirishida qo‘yildi.

Pyuning muxlislari feysukda “Free Chip Pugh” hamjamiyatini yaratishdi, unda erkakni qo‘lga ola olmagan politsiyani mazax qiluvchi hazillarni yozishmoqda.